Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga sobiq Ichki ishlar vaziri nomzodi ko‘rsatildi
Jamiyat
−
26 avgust 2022
7834Biroz avval xabar berganimizdek, qariyb ikki yildan buyon Qoraqalpog‘istonni boshqarib kelayotgan Jo‘qorg‘i Kenges raisi Murat Kamalov Jo‘qorg‘i Kengesining bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan navbatdan tashqari 34-sessiyasida lavozimidan ozod etildi.
Davlat rahbarining kirish so‘zidan so‘ng Oqsoqollar kengashining qaroriga muvofiq Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tavsiya etilgan Amanbay Tleubayevich Orinbayevning nomzodini ko‘rib chiqishga o‘tilgan.
Amanbay Orinbayevning nomzodini ko‘rib chiqishdan avval Prezident nomzodning hududni jadal rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish, mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha rejalari va takliflarini tinglashni taklif etgan.
Nomzod Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlikni rivojlantirish, agrar sohani rivojlantirish, sanoat loyihalarini ko‘paytirish, infratuzilmani rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi mavjud muammolarni va ularni hal qilish bo‘yicha takliflarini bayon etgan. Prezidentdan bu rejalarni to‘liq amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslar ajratilishida ko‘mak so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Amanbay Orinbayev joriy yilning mart oyida Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangandi. Keyinroq, 26 iyulda u vazir lavozimidan ozod etilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Ekologiya va Orolbo‘yi hududlarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Avgust oyida Jo‘qorg‘i Kengesidagi bo‘sh qolgan deputatlik o‘rinlariga o‘tkazilgan saylovda Amanbay Orinbayev parlament a’zosi etib saylandi.
LiveBarchasi