JSST O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqardi
Jamiyat
−
29 yanvar 1625 2 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) so‘nggi bir necha yil ichida kasallanish holatlarining ko‘paygani sababli O‘zbekistonni qizamiqdan xoli mamlakat maqomidan mahrum qildi. Xuddi shunday qaror yana besh davlat – Ozarbayjon, Avstriya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Armanistonga nisbatan ham qabul qilingan. Bu haqda JSSTga tayanib, “Euronews” xabar berdi.
Xalqaro tashkilot mutaxassislarining aniqlik kiritishicha, yuqorida tilga olingan mamlakatlarda 2024 yilda qizamiq avj olgan. Qoidalarga ko‘ra, agar virus yana paydo bo‘lsa va uning uzluksiz tarqalishi bir yildan ortiq davom etsa, davlat ushbu maqomni yo‘qotadi.
Mutaxassislar kasallikning keskin ko‘payishiga asosiy sabab sifatida ommaviy emlashdagi bo‘shliqlarni ko‘rsatmoqda. Shu tufayli, ayniqsa voyaga yetmaganlar orasida immunitet pasaymoqda. Qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilgan davlatlarda eng ko‘p kasallanish holatlari 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida qayd etilayotgani ta’kidlanadi.
JSST shuningdek, virus Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘plab hududlarida keng tarqalayotganini urg‘ulaydi. Xususan, Ruminiyada vaziyat keskin yomonlashgani qayd etilmoqda. Salbiy statistikaga ega mamlakatlar qatoriga Gruziya, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Polsha va boshqalar ham kiritilgan. Markaziy Osiyo respublikalari orasida Qozog‘iston va Qirg‘iziston ham tilga olinmoqda.
JSST kasallanish holatlarining aksariyati emlanmaganlar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini inobatga olib, qizamiqqa qarshi emlashning ikki dozasi bilan qamrovni aholining kamida 95 foizi darajasida ta’minlashni qat’iy tavsiya etmoqda.
Endilikda O‘zbekiston qizamiqdan xoli mamlakatlar ro‘yxatiga qaytishi uchun uch yil davomida virusning aylanishi butunlay yo‘qligini ta’minlashi va epidemiologik nazoratni sezilarli darajada kuchaytirishi lozim.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2017 yilda rasman qizamiqni tugatgan davlat sifatida tan olingan edi. O‘shanda JSST tahlilchilari bu qarorni 2014–2016 yillardagi kasallanish ko‘rsatkichlari asosida qabul qilinganini bildirgan.
Qizamiq – virusli tabiatga ega bo‘lgan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal, burun oqishi, tomoq og‘rig‘i va toshmalar bilan namoyon bo‘ladi. Kasallik pnevmoniya, bronxit, ensefalit kabi asoratlari bilan xavflidir. Qizamiqdan himoyalanishning yagona samarali usuli – emlanishdir.
Live
Barchasi