JSST O‘zbekistonga 85 tonna insonparvarlik yordami jo‘natdi

Jamiyat

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekistonga qiymati 4 million dollardan ortiq bo‘lgan insonparvarlik yordamini yetkazib berdi. Bu haqda JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ma’lum qildi.

Umumiy og‘irligi 85 tonna bo‘lgan yuk JSST bosh qarorgohi tomonidan Birdamlik va COVID-19 ga javob berish global jamg‘armasi orqali xarid qilingan.

Insonparvarlik yukini jo‘natish ikki bosqichda amalga oshirildi. Birinchi qism Toshkentga 8 iyulda yetib kelib, unda yuz uchun 619 400 ta himoya ekrani va 2 176 000 dona jarrohlik niqobi bo‘lgan. Yukning ikkinchi qismi poytaxtga 17 iyulda yetkazib berildi. U shaxsiy himoya vositalari, jumladan, 95 200 dona himoya ko‘zoynagi, 178 ming dona himoya xalati, 12 ming dona jarrohlik niqobi, 1 064 000 dona KN95 respirator niqobidan iborat.

Yuk O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga topshirish uchun mo‘ljallangan.

Vakolatxona tomonidan ta’kidlanishicha, mazkur insonparvarlik yuki Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan yordamning bir qismi hisoblanadi.

Avvalroq Janubiy Koreya O‘zbekistonga insonparvarlik yordamini yuborgandi. Unda tibbiy niqoblar bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

170

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing