JSST rahbari Efiopiyadagi qatliomda ayblandi

Olam

image

Amerikalik iqtisodchi Devid Steynman Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ustidan Xalqaro jinoiy sudga shikoyat qildi. “The Times” nashrining yozishicha, Steynman uni 2013-2016 yillarda Efiopiyada yuz bergan qatliomga aloqadorlikda ayblayapti.

Tedros Adhanom 2017 yilda JSSTga rahbar bo‘lgan. 2005–2012 yillarda u Efiopiya Sog‘liqni saqlash vazirligini boshqargan, 2016 yilda esa Tashqi ishlar vaziri bo‘lgan va mamlakatdagi xavfsizlik kuchlarini boshqaradigan uchta eng obro‘li amaldordan biriga aylangan.

Devid Steynman AQSH Milliy xavfsizlik xizmati kengashining maslahatchisi va 27 yil davomida Efiopiya demokratik harakatining katta xorijiy maslahatchisi bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Gebreyesus Efiopiyada  TIV rahbari bo‘lgan vaqtda xavfsizlik kuchlarining harakatlari uchun asosiy javobgarlik uning zimmasida bo‘lgan va bu harakatlar qotilliklar, asossiz hibsga olishlar va efiopiyaliklarni azoblashni o‘z ichiga olgan.

Da’vogarga ko‘ra, doktor Tedros muxolifat nomzodlari va tarafdorlarini qo‘rqitishga aloqador. Bundan tashqari, Steynmanning ta’kidlashicha, JSST rahbari amxara, konso, oromo va somali elatlarini to‘liq yoki qisman yo‘q qilish maqsadida ushbu elatlar vakillarini o‘ldirish, ularga og‘ir tan jarohatlari yetkazishni nazorat qilgan. Gebreyesus Efiopiya tashqi ishlar vazirligiga rahbarlik qilgan yillarda mamlakatdagi tuzum uning qo‘l ostidagilar tomonidan insoniylikka qarshi sodir etilgan keng ko‘lamli va tizimli jinoyatlar bilan xarakterlangan.

Joriy yilning noyabr oyida Efiopiya armiyasi shtab boshlig‘i general Berxanu Jula JSST rahbarini noyabrda qurolli mojaro avj olgan Tigray viloyatiga qurol yetkazishga urinishda ayblagan va uni o‘z lavozimidan ketishga chaqirgan. O‘shanda doktor Tedros barcha ayblovlarni inkor qilib, u bu mojaroda hech bir tarafni qo‘llamasligini aytgan. 

“Bu yolg‘on va shuni aytmoqchimanki, men tinchlik tomonidaman”, deb aytgan JSST rahbari.


Maqola muallifi

Teglar

JSST Tedros Adhanom Gebreyesus

Baholaganlar

83

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing