JSST mutaxassislari ishni Uxanning o‘zidan boshlaydi
Olam
−
12 yanvar 2021
4203Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari koronavirus infeksiyasining sabablarini o‘rganish uchun joriy yilning 14 yanvar kuni Xitoyga tashrif buyurishi haqida xabar bergandik.
Ma’lum bo‘lishicha, JSST mutaxassislari koronavirus manbasini, u birinchi marta aniqlangan Uxan shahridan izlashni boshlaydi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan aytgan.
"Hozirgi rejamizga ko‘ra, ular 14 yanvar kuni Singapurdan Uxanga uchishadi, agar qo‘shimcha ma’lumotlar bo‘lsa, Xitoy uni hamma bilan baham ko‘rishga tayyor", degan Chjao Litszyan.
JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus koronavirusni o‘rganish uchun Xitoyga safar uyushtirilayotganidan xursandligini bildirgan.
Qayd etilishicha, JSST ekspert guruhiga Rossiya, AQSH, Vetnam, Buyuk Britaniya, Sudan, Qatar, Niderlandiya, Avstraliya, Daniya, Germaniya, Keniya va Yaponiya olimlari kiradi.
Ma’lumot o‘rnida, koronavirus ilk marta 2019 yilning 17 noyabrida Xitoyning Uxan shahrida aniqlangan. U odamlarga ko‘rshapalaklardan o‘tishi mumkin deb taxmin qilingan, ammo qaysi hayvon virusni yuqtirishda ko‘rshapalaklar va odamlar o‘rtasida vositachiga aylangani noma’lum.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar 91 mlndan oshgan. 1 mln 955 mingdan ko‘p bemor vafot etgan.
LiveBarchasi