JSST maymunchechak virusi sababli global favqulodda holat e’lon qildi
Salomatlik
−
15 avgust
18306Afrikada tez-tez uchraydigan va, ayniqsa, Kongo Respublikasida o‘z ta’sirini kuchaytirgan maymunchechak virusi (M-pox) tufayli global favqulodda holat e’lon qilindi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xabar berdi.
Qayd etilishicha, JSST Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisusga JSST Favqulodda qo‘mitasi M-pox virusiga qarshi favqulodda vaziyatni tashkil etishi haqida maslahat xulosasini bergan va u tavsiyani zudlik bilan qabul qilgan.
Direktor Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tashkil etilgan Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng Afrika va boshqa mintaqalarda maymun chechagining yanada xalqaro tarqalishi potensialiga oid baho berdi. Unga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida 10 yildan ortiq vaqtdan beri M-pox virusi holatlari qayd etilgan va bu yildan yilga kuchayib bormoqda.
“Qayd etilgan kasalliklar soni o‘tgan yilga qaraganda sezilarli darajada oshgan. Kasallanganlar soni 14 mingdan ortiq. Kasallik bilan bog‘liq 524 o‘lim holati aniqlangan”, deyiladi JSST bayonotida.
Bildirilishicha, virus hayvonlar va ushbu virus bilan kasallangan odamlardan yuqishi mumkin. Asosan, virus keltirib chiqaradigan tanadagi toshmalarga tegish, bu toshmalar bilan ifloslangan kiyim-kechak, choyshab, sochiq va shunga o‘xshash narsalardan foydalanish kasallikning tarqalishiga sabab bo‘ladi.
Virusning birinchi alomatlari 5-21 kun ichida namoyon bo‘ladi. Maymunchechak odatda yuqori isitma, bosh og‘rig‘i, bel va mushak og‘rig‘i, shishgan limfa tugunlari, charchoq, titroq va suvchechakka o‘xshash terida toshmalarni keltirib chiqaradi. Muayyan davolash usuli mavjud emas, ammo kasallik antiviral preparatlar bilan davolanadi. Aksariyat hollarda kasallik yengil kechib, bemorlar bir necha hafta ichida tuzalib ketadi.
Ma’lumot uchun, JSST irqchilik va kamsitish bilan bog‘liq xavotirlar tufayli 2022 yilda maymunchechak nomini M-pox’ga o‘zgartirgan.