JSST “koronavirus bo‘roni”ga uchragan mamlakatga xodimlarini yubordi
Olam
−
28 aprel 2021
4868Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonga tobora ko‘payib borayotgan koronavirus holatlariga qarshi kurashishda yordam berish uchun 2,6 mingdan ortiq xodimini yubordi. Bu haqda "Associated Press" xabar bergan.
JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning aytishicha, xodimlar hindistonlik hamkasblariga texnik maslahatlar hamda emlash va kuzatishda yordam beradi.
"JSST uskunalar va materiallar, shu jumladan minglab kislorod konsentratorlari, ko‘chma tayyor shifoxonalar va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilmoqda", degan Tedros Adhanom Gebreyesus.
Ma’lumot o‘rnida, Hindistonda koronavirus bilan kasallanish holatlari ko‘paygani sababli og‘ir epidemiologik vaziyat hukmronlik qilmoqda. So‘nggi bir necha kun ichida mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlar soni bo‘yicha antirekordlar qayd etilmoqda.
Koronavirus bilan kasallanish soni bo‘yicha Hindiston dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda, virusdan o‘lim darajasi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi.
Hindistondagi shifoxonalar kasallar bilan to‘lib toshgan, kislorod ballonlari yetishmayapti. Shu sababli, Hukumat epidemiyaning yangi to‘lqiniga tayyor emasligi uchun tanqid qilinmoqda.
Hindistonda koronavirusga chalinganlar soni 17,6 mlndan oshgan. 198 mingdan ko‘p kishi vafot etgan.
LiveBarchasi