JSST guruhi Xitoyga kiritilmayapti. Ular koronavirusning kelib chiqishini o‘rganmoqchi

Olam

image

Xitoy Hukumati koronavirusning kelib chiqish sabablarini aniqlash uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) xalqaro ilmiy ekspertlar guruhining mamlakatga kelishiga hali ruxsat bermagan. Bu haqda joriy yil 5 yanvar kuni Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda JSST Bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala Xitoy rahbariyati bilan oldindan muhokama qilingan. 

“Aniqlanishicha, Xitoy rasmiylari guruh kelishi uchun zarur bo‘lgan rasmiylashtirish ishlarini hali tugatmagan”, degan JSST rahbari bundan juda hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidlab.

Uning aytishicha, guruhning ikki nafar mutaxassisi bu haqda Xitoyga yo‘l olib bo‘lganida xabar topgan. 

Gebreyesusning ta’kidlashicha, u Xitoy rasmiylariga ushbu missiya JSST uchun ustuvor vazifa ekanini aniq tushuntirgan. 

“Biz missiyani iloji boricha tezroq bajarilishini juda xohlaymiz”, deya xulosa qilgan JSST rahbari.

O‘z navbatida, JSST Favqulodda vaziyatlar dasturi direktori Maykl Rayan tashkilot ekspertlar guruhi a’zolarining Xitoyga kirish imkoniyati bilan bog‘liq muammolarni qisqa vaqt ichida hal qilishni kutayotganini ta’kidlagan. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari aytgan guruh a’zolaridan biri uyiga qaytgan, ikkinchisi esa vaziyat hal qilinishini kutmoqda. 

Ikkinchi tomonning vaziyatga aniqlik kiritishicha, pandemiya holatida chet eldan odamlarning kelishini tartibga soluvchi rasmiy protseduralar tufayli Xitoy Hukumati JSST delegatsiyasi a’zolariga viza bermagan. Bu haqda kecha, 6 yanvar kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Xua Chunin ma’lum qilgan. 

Diplomatning so‘zlariga ko‘ra, XXR rasmiylari tegishli masalalarni hal qilish maqsadida xalqaro tashkilot bilan doimiy aloqalarni o‘rnatadi. 

Tashqi ishlar vazirligi vakili Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari ilgari pandemiya sabablarini aniqlash uchun Xitoyga bir necha bor tashrif buyurganini va har safar Pekin ularni faol qo‘llab-quvvatlaganini eslatgan. 

Ma’lumot uchun, 2020 yilning dekabr oyi o‘rtalarida JSST mutaxassislari guruhi koronavirus manbasini qidirish uchun yanvar oyida Xitoyga borishni rejalashtirganini ma’lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus “o‘chog‘i” bo‘lgan Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 epidemiyasi 2019 yilning dekabr oyida boshlangan edi. 

Turli taxminlarga ko‘ra, koronavirus Uxan shahridagi dengiz mahsulotlari bozorida paydo bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

JSST Xitoy

Baholaganlar

50

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing