JSST COVID-19 kelib chiqishi bo‘yicha qayta tergov o‘tkazadi
Olam
−
27 Sentabr 2021
4806Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) COVID-19 ning kelib chiqishi bo‘yicha tergovni qayta boshlash uchun 20 olimdan iborat yangi ishchi guruhini tuzdi. Bu haqda “Wall Street Journal” nashri xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, yangi olimlar guruhiga laboratoriya xavfsizligi, biologik xavfsizlik, genetika va hayvonlar kasalliklari sohasidagi mutaxassislar kiradi. Tadqiqotlar Xitoy va boshqa bir qancha mamlakatlarda olib boriladi.
Yangi patogenlarning kelib chiqishi bo‘yicha ilmiy maslahat guruhi doimiy ravishda ishlaydi. U kasalliklarning tarqalishini tekshiradi va yangi kasalliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan belgilarni aniqlaydi.
Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mart oyida koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun Uxan shahriga tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar hisobotining to‘liq versiyasini e’lon qildi. Unda virusning yangi turi odamlarga boshqa hayvon orqali yuqqanligi yozilgan.
Shuningdek, koronavirusning laboratoriyadagi tajribalar natijasida kelib chiqqani to‘g‘risidagi farazlar ham mavjud. Yana bir taxminda esa kasallik sovutilgan ovqatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va yana 13 mamlakat JSST missiyasining xulosalaridan ko‘ngli to‘lmaganini bildirib, bayonot bergan. Ular koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risida shaffof tergov o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan. AQSH razvedkasi virusni odamga hayvondan va laboratoriyadan yuqqani to‘g‘risidagi taxminlarni ilgari surib keladi.
LiveBarchasi