Jorjia Meloni “Italiya – Markaziy Osiyo” formatini rivojlantirishga chaqirdi

Jamiyat

image

Bugun, 8 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kiji saroyida Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi Jorjia Meloni bilan muzokara o‘tkazdi.

Suhbat davomida Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashgani qayd etilgan. Yetakchilar munosabatlarni ustuvor yo‘nalishlarda yanada mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qilgan.

Bosh vazir Jorjia Meloni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini hamda ularning muvaffaqiyatiga ishonishini bildirgan.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani ta’kidlangan. O‘zaro savdo va investitsiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar ko‘paygani, metallurgiya, energetika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlangan. Madaniyat, italyan tilini o‘rganish, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Bosh vazir O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan hamda “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirgan.

Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni, shu jumladan Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Jorjia Meloni ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsini qabul qilgan. 

Yetakchilar huzurida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 10 ta hukumatlararo va idoralararo hujjatlarni almashish marosimi ham bo‘lib o‘tgan. Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim, huquqiy masalalarda, sanoat mulki va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan Italiya savdo agentligi o‘rtasida restavratsiya sohasida, O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish fondi va Italiya Respublikasi madaniyat vazirligi o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda 2026 yilga qadar madaniy almashinuvlar dasturi qabul qilingan.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Italiya Bosh vaziri Jorjia Melonini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Jorjia Meloni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing