Joriy hafta yomg‘irli o‘tishi kutilmoqda
Bu qiziq
−
15 may 2023
12296Joriy hafta davomida O‘zbekiston hududining katta qismi Kavkaz hududlari ustida shakllangan yuqori siklon ta’siri ostida bo‘ladi. Bu haqda Gidrometeorologiya markazi ma’lum qildi.
Bugun, 15 may kuni respublika bo‘yicha quruq va ochiq ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati kunduzi 33-35 daraja issiqni tashkil etadi.
Ish haftasining qolgan kunlarida respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, 16 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, 17 mayda Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo viloyatlarida yomg‘ir kuchli yog‘ishi mumkin, ayrim joylarda do‘l yog‘ishi mumkin.
Havo harorati ertaga, 16 may kuni kechasi 18-20 daraja iliqni, kunduzi 31-33 daraja issiqni tashkil etadi. 17 may kuni kechasi 13-18 daraja, kunduzi 17-22 daraja iliqqacha pasayadi. 18 may kuni kechasi 10-15 daraja bo‘ladi, kunduzi 20-25 darajagacha biroz ko‘tariladi. 19 may kuni kechasi 12-17 daraja iliqni tashkil etadi, kunduzi 25-30 daraja issiqqacha ko‘tariladi.
15-16 may kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 17 mayda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, ba’zida 23-25 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 17-19 may kunlari ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Baland tog‘larda (2000 m dan yuqorida) 17-19 may kunlari yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.