Jonsondan bo‘shagan “kursi”ga da’vogar paydo bo‘ldi
Olam
−
11 iyul 2022
10117Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass mamlakatdagi hukmron Konservativ partiya va hukumat rahbari lavozimiga o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu haqda u kecha, 10 iyul kuni “The Daily Telegraph” saytida chop etilgan maqolasida ma’lum qildi.
“Global iqtisodiy inqiroz sharoitida biz o‘z uyimizda katta muammolarga duch kelyapmiz. Shuningdek, biz xorijda tajovuzkor Rossiya va tobora qat’iyatli Xitoydan kelayotgan katta chaqiriqlarga duch kelmoqdamiz. Keyingi saylovlarga tayyorlanish uchun ikki yildan kam vaqt qoldi. Bu murakkab qarama-qarshilik bo‘ladi, ammo Britaniya xalqi oldida va’dalarni bajarib, unda g‘alaba qilish mumkin. Men o‘z nomzodimni ilgari suraman, chunki men odamlarga rahbarlik qila olaman, va’dalarni bajaraman va qiyin qarorlar qabul qila olaman”, degan Trass.
Trassning aytishicha, u Bosh vazirligining ilk kunlaridanoq narxlarning keskin ko‘tarilishidan aziyat chekayotgan aholi va raqobatbardoshligini saqlab qolishi kerak bo‘lgan korxonalar uchun soliqlarni kamaytiradi. Shuningdek, u Brexit’dan to‘liq foydalanish, davlat apparati hajmini qisqartirish va davlatning odamlar hayotiga ortiqcha aralashuvidan voz kechish zarurligini ta’kidlagan.
TIV rahbari 7 iyul kuni bosh vazirlik lavozimini tark etishini e’lon qilgan Boris Jonson kabinetidagi Rossiya harakatlarining eng ashaddiy tanqidchilaridan biri hisoblanadi. Trass va Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles bosh vazirlik uchun kurashda favorit deb ko‘rilayotgandi, biroq 9 iyul kuni Uolles ichki partiyaviy saylov kampaniyasida ishtirok etmasligini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, iste’foga chiqishini e’lon qilgan Boris Jonson hukmron partiyaning yangi rahbari saylanmaguncha Bosh vazir vazifasini bajarishda davom etadi.
LiveBarchasi