Jondor va Buxoro tumanlari hokimlari ortidan sektor rahbarlari ham “uchdi”

Jamiyat

image

Avvalroq, Prezident raisligida bugun, 24 noyabr kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Buxoro, Jondor va Sirdaryo tumanlari hokimlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edik. 

Videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga doir kelgusi vazifalar muhokama qilindi. 

Yig‘ilishda Buxoro va Jondor tumanlari hokimlari ortidan uchta sektor rahbarlari - soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va tuman prokurori ham ishdan olinishi aytildi. Bu haqda davlat rahbari shaxsan topshiriq berdi. 

"Buxoro tumanida yangi ish o‘rinlarini tashkil etish rejasi atigi 30 foizga bajarilgan, xolos. Xuddi shunday Jondor tumanida ham yetarli choralar ko‘rilmayapti. 

Prezident shuncha ishonch bildirib, Do‘stov bilan Kamolovni tuman hokimi qildi. Lekin ular umuman natijaga ishlamagani uchun ishdan oldik.

Butun respublika hokimlari bilsin: hamma bo‘yicha xulosa bo‘ladi. Qizildan chiqmaganlar yil yakunigacha ketadi. 

Buxoro tumani eng zo‘r tuman emasmi? Boyovut bilan teppa-teng tuman-ku. Buxoro shahrining oldidagi tuman. Buxoro tumanining hokimi namuna bo‘lishi kerak. Hokim ketdimi ikkita tumanda, to‘rtta sektor ham ketishi kerak", deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari so‘zida davom etarkan, barcha sa’y-harakatlar xalqning og‘irini yengil qilish, imkoniyatlar yaratishga qaratilgani, ammo hokimlar vaziyatni to‘g‘ri tushunmayotganini aytdi. 

"Endi faqat odamlarni rozi qilgan tuman hokimiga orden beramiz, lavozimini ko‘taramiz. Boshqa hech qanday ko‘rsatkich bizni qiziqtirmaydi", deydi Prezident

Ma’lumot o‘rnida, Kamol Kamolov 2018 yilning mart oyida Jondor tumani hokimi, Qaharmon Do‘stov 2019 yilning mart oyida Buxoro tumani hokimi lavozimiga tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

361

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing