“Jodugar ovi”. Tramp yozuvchi ayolni zo‘rlashda aybdor deb topildi

Olam

image

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda amerikalik yozuvchi Elizabet Jin Kerrollga nisbatan tuhmat bo‘yicha ikkinchi sud jarayonida qo‘shimcha 83,3 million dollar tovon to‘lashga majbur bo‘ldi. Bu haqda “The New York Times” gazetasi xabar berdi.

Tegishli qaror kecha, 26 yanvar kuni sud hay’ati tomonidan qabul qilingan. Tramp bu jarayonni “jodugar ovi” va “siyosiy ta’qib”, hukmning o‘zini esa “o‘taketgan maynavozchilik” deb atadi va uning ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini aytdi.

Bu 80 yoshli Kerrollning Trampga qarshi qo‘zg‘atgan ikkinchi fuqarolik ishi bo‘ldi. 2023 yilning may oyida bo‘lib o‘tgan birinchi sud jarayonida sud hay’ati Tramp 1996 yilda Nyu-Yorkdagi univermagda Kerrollga jinsiy tajovuz va keyinchalik tuhmat qilganini aniqladi. O‘shanda sud yozuvchi foydasiga besh million dollar miqdorida tovon puli tayinladi.

Ikkinchi sud jarayoni boshlanishidan oldin sudya Luis Kaplan Trampning keyingi izohlarini tuhmat deb topdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, birinchi sud jarayonidan farqli o‘laroq, bu safar Tramp sud zalida bir necha bor shaxsan qatnashdi va "ko‘plab izohlar" bilan yig‘ilganlarning e’tiborini tortdi, shundan so‘ng sudya uni sud jarayonidan chetlashtirish bilan tahdid qildi.

Ma’lumot uchun, 2019 yil iyun oyida “New York” jurnali o‘sha paytda 75 yoshda bo‘lgan sharhlovchining yangi kitobidan parchalarni chop etgan. Kitobda Kerroll Tramp uni 1995 yil oxiri yoki 1996 yil boshida Nyu-Yorkdagi univermagning kiyim-kechak xonasida zo‘rlagani haqida da’vo qilgan. Kerrollning so‘zlariga ko‘ra, u Trampni avvaldan tanigan va undan do‘stiga sovg‘a tanlashda yordam so‘ragan. Butikda Tramp uni kiyim-kechak xonasiga olib borgan va u yerda jinsiy tajovuz qilgan. Jurnalistning so‘zlariga ko‘ra, u politsiyaga bormagan, voqea haqida ikki yaqin dugonasiga aytgan, xolos.

Kitobga javoban Tramp Kerrollni tanimasligini va jurnalist “uning dididagi ayol emas”ligini aytdi. Ammo sobiq prezidentni so‘roq qilish paytida jurnalistning advokatlari siyosatchiga 1987 yildagi fotosuratni ko‘rsatdi, unda jurnalist va uning o‘sha paytdagi eri Tramp va uning rafiqasi bilan muloqotda bo‘lgani tasvirlangan.

Tramp o‘tmishda bir necha bor jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan. Xususan, 2018 yilning mart oyida porno aktrisa Stefani Kliffordning Tramp bilan 2006 yildan 2007 yilgacha davom etgan taxminiy aloqalari bilan bog‘liq da’vosi haqida ma’lum bo‘ldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, Klifford va Trampning advokati Maykl Koen 2016 yilning kuzida, milliarder AQSHdagi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonganidan bir necha kun o‘tib, maxfiylik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan.

Bir qator sud jarayonlariga qaramay, 77 yoshli Donald Tramp noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida respublikachilardan eng istiqbolli nomzod sifatida ko‘rilmoqda. Mutaxassislar va kuzatuvchilarning qayd etishicha, Tramp ko‘pincha sud majlislaridan o‘ziga xos saylovoldi tadbiri sifatida foydalanadi.


Maqola muallifi

Teglar

sud AQSh Donal'd Tramp Elizabet Jin Kerroll

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing