Jizzaxda bog‘cha tarbiyalanuvchilari ovqatdan zaharlandi
3-sahifa
−
19 avgust
4525Jizzax viloyatida 2 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 avgust kuni Paxtakor tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanayotgan 4 yoshli I.F. (qiz bola) va 5 yoshli S.T. (qiz bola) tana haroratining ko‘tarilishi sababli ota-onasi tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Bolalar ovqatdan zaharlanish tashxisi bilan gumonlanib, yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.
Mazkur holat bo‘yicha shu kunning o‘zida ushbu nodavlat ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan qolgan 14 nafar bola ham tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida shifokorlarning kuzatuviga olinib, zarur muolajalar olib borilgan va ularda sog‘ligidan shikoyatlar aniqlanmaganligi tufayli uylariga javob berilgan.
Shuningdek, epidemiologik surishtiruv davomida bolalarga nonushta payti berilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olingan.
“Hozirda Paxtakor tumani prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tayinlangan tegishli ekspertiza natijasidan kelib chiqqan holda prokuratura tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida 2 yoshli bog‘cha tarbiyalanuvchisi tomog‘iga ovqat tiqilib qolib, vafot etgandi.
LiveBarchasi