Jizzaxda 3 qiz sun’iy hovuzda cho‘kib, vafot etdi
3-sahifa
−
20 iyul 6535 1 daqiqa
Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida sun’iy hovuzga cho‘milishga tushgan 3 nafar voyaga yetmagan qiz cho‘kib ketib, vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 17 iyul kuni soat 13:00 lar atrofida yuz bergan. Mirzacho‘l tumani “Paxtazor” MFY hududidagi fermer xo‘jaligi yer maydonida tomchilatib sug‘orish uchun qazilgan sun’iy hovuzga cho‘milish uchun tushgan 3 nafar voyaga yetmagan qiz cho‘kib ketib, vafot etgan. Ularning ikki nafari 17, yana biri esa 15 yoshda bo‘lgan.
Vafot etgan qizlarning o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan. Tuman sud-tibbiy ekspertiza filialining dastlabki xulosasiga ko‘ra, ularning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarining suv bilan to‘silishi oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfeksiya sabab bo‘lgan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Mirzacho‘l tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatidagi Zarafshon daryosiga cho‘milish maqsadida borgan 3 nafar voyaga yetmagan bola cho‘kib ketib, vafot etgan edi.