Jizzaxda 3,1 mlrd so‘mlik elektrni o‘marganlar ushlandi
3-sahifa
−
23 may 999 1 daqiqa
Jizzax viloyatining Yangiobod tumanida 3,1 milliard, Buvaydadagi ustaxonada 137,1 million, Norin tumanidagi uy-xonadonida esa 120,1 million so‘mlik elektr energiyasini o‘marish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Unga ko‘ra, Departamentning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.A.” MCHJ mas’ul shaxslari Yangiobod tumani, “Do‘stlik” MFY hududidagi yer maydonida suv nasoslarini elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 3,1 milliard so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Bundan tashqari, Buvayda tumanida ham fuqaro M.R. “Ozod” MFY hududidagi ustaxonasida tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 137,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Norin tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvida fuqaro R.Sh. “Norinkapa” MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 120,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Samarqand viloyatining Urgut tumanida tadbirkor 4,7 milliard so‘mlik elektr energiyasini o‘margani aniqlangan edi.
Live
Barchasi