Jiyanlariga jinsiy zo‘ravonlik qilgan amakiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
3-sahifa
−
26 avgust
11309Toshkent viloyatida ikki jiyanini vasiylikka olib, ularga nisbatan jinsiy tajovuz qilib kelayotgan amakiga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmaniga Toshkent viloyati Parkent tumanida yashovchi ayol murojaat qilib, ota-onasi vafotidan so‘ng 2 nafar singlisiga vasiylik qilib, ularga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar sodir etayotgan amakisiga qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, murojaat qilgan.
Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida Qozog‘iston Respublikasi Olmaota shahrida qizlarga jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan R.R. ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan va unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bolalar ombudsmanining Qozog‘iston Bolalar ombudsmani bilan birgalikda samarali hamkorligi natijasida voyaga yetmagan I.A. va S.R.larga Olmaota shahri adaptatsiya markazida barcha zaruriy ijtimoiy-psixologik ko‘mak ko‘rsatilgan.
Jinoyat ishi doirasidagi ular bilan bog‘liq barcha tergov harakatlari o‘tkazib bo‘linganidan so‘ng, joriy yilning 24 avgust kuni qizlar O‘zbekistonga qaytarildi va Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi.
“Shu kunlarda qizlarning opasi A.A.ni ularga vasiy etib belgilashga oid hujjatlar rasmiylashtirilishi jarayoni ketmoqda. Shuningdek, hozirda R.R.ga nisbatan dastlabki tergov tamomlanib, materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli tuman sudiga yuborildi. Bu borada qo‘shimcha axborot beriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda qo‘shnisining qiziga uyatsiz qiliqlar qilgan erkak qamoqqa olingandi.
LiveBarchasi