Jidda muzokaralari: Rossiya ishtirok etmagan xalqaro yig‘ilish qanday o‘tdi?

Olam

image

5-6 avgust kunlari Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha 40 dan ortiq davlat vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Biroq unga Rossiya taklif qilinmadi. Ukrainaning yuqori martabali mulozimlari bu muzokaralar samarali bo‘lganini aytdi, biroq Moskva ushbu uchrashuvni “Global Janubni Kiyev ortidan siljitish”ga urinish deb atadi. 

Kiyev va uning ittifoqchilari muzokaralarni tinchlik uchun asos bo‘lishi aytilayotgan tamoyillar, jumladan, Rossiya qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi va butun hudud Ukraina nazoratiga qaytarilishini xalqaro qo‘llab-quvvatlashga urinish deb atagan.

Jumladan, Ukraina Prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Jiddada Ukraina delegatsiyasi 30 dan ortiq davlat vakillari bilan muzokaralar olib borganini ma’lum qilgan. 

"Jidda shahrida milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchilar darajasida Ukraina tinchlik formulasini amalga oshirish bo‘yicha ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Biz 30 dan ortiq delegatsiyalar vakillari bilan mudofaa, xavfsizlik kafolatlari, sarmoya, global tinchlik sammitining ahamiyati, don kelishuvi, hamkorlik masalalarini muhokama qildik", deb yozgan Yermak Telegram-kanalida.

Qayd etilishicha, 5 avgust kuni Ukraina delegatsiyasi AQSH, Saudiya Arabistoni, Finlyandiya, Yaponiya, Qatar, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Norvegiya, Turkiya, Polsha va Slovakiya vakillari bilan, 6 avgust kuni esa Shvetsiya, Janubiy Afrika, Bahrayn, Kanada, Italiya, Daniya, Janubiy Koreya rahbarlarining milliy xavfsizlik va tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchilari, shuningdek, Yevropa komissiyasining yuqori martabali vakili bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Rossiya ishtirokisiz o‘tgan mazkur yig‘ilishni Moskva ham kuzatib bordi. Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkovning aytishicha, bu uchrashuv G‘arbning Zelenskiy pozitsiyasi ortidan Global janubni safarbar etish bo‘yicha befoyda sa’y-harakatlarini davom ettirishga urinishini aks ettiradi.

Tahlilchilar esa Kopengagendagi muzokaralarning oldingi raundidan chetda qolgan va G‘arbning Rossiya bosqinini qoralash chaqiriqlaridan voz kechgan Xitoyning ishtiroki uning pozitsiyasi o‘zgarishi mumkinligidan dalolat berishiga ishonmoqda. 

G‘arb diplomatlari Saudiya Arabistonining mazkur yig‘ilishdagi muhim roliga e’tibor qaratgan. Ularning aytishicha, Saudiya Pekin bilan o‘sib borayotgan munosabatlaridan hamda Moskva va Kiyev bilan davom etayotgan aloqalaridan foydalangan holda kengroq davlatlar guruhini yig‘ilishda ishtirok etishga chaqirgan. Yermak esa Jiddadagi muzokaralar chog‘ida turli nuqtai nazarlar paydo bo‘lganini aytib, ularni "juda halol, ochiq suhbat" deb atagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilgan barcha davlatlar xalqaro huquq tamoyillariga sodiqlik, davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi daxlsizligiga hurmat ko‘rsatgan.

Germaniyaning DPA agentligining xabar berishicha, Saudiya Arabistoni rasmiylari Jiddadagi muzokaralarda Ukrainadagi mojaroni hal qilishning muqobil rejasini ham taqdim etgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga taqdim etilgan tinchlik rejasi haqida ma’lumot berilgan. Uning bir qismi Ukrainaning yaxlitligi, barcha jabhalarda o‘t ochishni to‘xtatish, BMT shafeligida tinchlik muzokaralarining boshlanishi, shuningdek, asirlarni almashishni o‘z ichiga oladi.

Saudiya Arabistonidagi uchrashuv haqida Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ham fikr bildirgan. Rasmiyning ta’kidlashicha, urushni tugatish istagini qoralash qiyin.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga havolalar bilan bahslashish mumkin emas, chunki suverenitetdan tashqari, xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi ham mavjud”, degan Medvedev.

Medvedev Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar uchta asosiy shartda mavjud bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. 

Italiyaning “Corriere della Sera” gazetasining yozishicha, inqirozni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralar ishtirokchilari har qanday tinchlik bitimi Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini hurmat qilish hamda BMT Nizomining ustunligiga asoslanishi kerak, degan xulosaga kelgan.

Shuningdek, ular Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan mojaroga barham berish variantini muhokama qilish uchun ishchi guruhlar tuzishga kelishib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Saudiya Arabistoni Ukraina tinchlik formulasi Jidda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing