Jezusning advokati Ronalduni qattiq tanqid qildi
Sport
−
15:17 491 2 daqiqa
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Xorxe Jezusning advokati Luish Migel Enrike Krishtianu Ronalduni keskin tanqid qildi. Bu haqda “Cabine Desportiva” nashri xabar berdi.
Nashrda e’lon qilingan bayonotda advokat afsonaviy hujumchining xatti-harakatlari va shaxsiy statistikaga haddan tashqari berilib ketishini qoralagan. Enrikening fikricha, Ronaldu o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida erishgan yutuqlariga nisbatan odamlarning munosabatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
“Krishtianu Ronaldu o‘zining xatti-harakatlari, xulq-atvori va muayyan statistik ko‘rsatkichlarga berilib ketishi orqali raqiblarining hech biri erisha olmagan natijaga erishmoqda: u bizga taqdim etgan barcha yaxshi narsalarni eslash qobiliyatimizni yo‘q qilmoqda”, deydi advokat.
U, shuningdek, portugaliyalik futbolchining atrofidagi odamlarni ham tanqid qilgan.
“U tobora ko‘proq o‘zi eshitishni istagan gaplarni aytadigan odamlar bilan o‘ralashmoqda. Ayni paytda esa unga eshitish tobora zarur bo‘lib borayotgan fikrlarni aytadigan insonlar soni kamaymoqda.Bu xudolar va avtokratlarning qismati: ular o‘zlarini Olimpda, ko‘zgular bilan o‘ralgan holda yolg‘iz topadilar”, deya ta’kidlagan Enrike.
Ushbu tanqidlar Ronaldu va Portugaliya terma jamoasi atrofidagi kelishmovchiliklar haqidagi xabarlar fonida yangradi. Mojaro hujumchining Norvegiyaga qarshi uchrashuvda zaxirada qoldirilishi va keyinchalik terma jamoa ixtiyorini tark etishi ortidan kuchaygandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krishtianu Ronaldu “Al Nasr” safida “Neftchi” jamoasiga professional faoliyatidagi 981-golni kiritgandi.
Live
Barchasi