Jeneva sammiti foyda bermadi, shekilli. Lavrov AQSHni “eski plastinka”ni chaynashda aybladi
Olam
−
29 iyun 2021
5747Joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jenevasida bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiya hamda AQSH bir qator masalalarda kelishuvlarga erishgan edi. Biroq, sammit yakunlanishi bilan AQSH Rossiyaga nisbatan o‘sha eski pozitsiyasiga o‘tib, agar Moskva bir necha oy ichida Jenevada belgilangan “o‘yin qoidalari”ni qabul qilmasa, u yangi bosimlarga duchor bo‘ladi, degan bayonotlar bilan chiqa boshladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning kecha, 28 iyun kuni e’lon qilingan “Qonun, huquqlar va qoidalar to‘g‘risida” nomli tanqidiy maqolasida so‘z boradi.
Rossiya TIV rahbari maqolasida Vladimir Putin va Jo Bayden o‘rtasida bo‘lib o‘tgan samimiy va konstruktiv sammit yakunidi yadro urushiga yo‘l qo‘yilmaslik, shuningdek strategik barqarorlik bo‘yicha mazmunli muloqotni boshlash, kiberxavfsizlik, diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tiklash, jazo muddatini o‘tayotgan Rossiya va AQSH fuqarolarining taqdiri hamda qator mintaqaviy mojarolar bo‘yicha maslahatlashuvlarning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida o‘zaro tushunishga erishilganini eslab o‘tgan.
Uning qayd etishicha, Putin muloqotda sanab o‘tilgan har bir sohada natijaga qat’iy teng huquqlilik asosida, manfaatlarning o‘zaro maqbul muvozanatini topish orqali erishish mumkinligini aniq belgilab bergan. Muzokaralar vaqtida Amerika tomonidan hech qanday e’tirozlar bo‘lmagan.
“Biroq uchrashuv yakun topishi bilan amerika rasmiylari, jumladan, Jeneva sammiti ishtirokchilari ham, qat’iyat bilan yana eski ko‘rsatmalarni belgilashni boshladi: go‘yoki, ular Moskvaga “ko‘rsatib qo‘ygan, ogohlantirib, aniq qilib talablarni belgilab bergandek”. Shu bilan bir qatorda barcha ogohlantirishlar tahdidlar bilan hamohanglikda yangragan edi: agar Moskva bir necha oy ichida Jenevada aytilgan “o‘yin qoidalarini” qabul qilmasa, u holda u yangi bosimga uchraydi”, deya yozgan Lavrov o‘z maqolasida.
Bundan tashqari, RF TIV rahbarining qo‘shimcha qilishicha, hozir ikki davlat sammitida tilga olingan maslahatlashuvlar qanday amalga oshirilishiga aniqlik kiritmoq kerak.
“Shunday bo‘lsada, muzokaralar yakuni bo‘yicha bayon etilgan Vashingtonning eski pozitsiyasi o‘ta namunaviydir, axir, Yevropa poytaxtlari “katta og‘aning” kayfiyatini sezib qolib, darhol faol ravishda huzur bilan unga jo‘r bo‘la boshladi. Yangrayotgan bayonotlarning ma’nosi esa: Moskva bilan munosabatlarni normallashtirishga tayyormiz, ammo u avvaliga o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmog‘i lozim”, deya qayd etgan Lavrov.
Vazirning fikriga ko‘ra, amerika amaldorlarining gapini ma’qullayotgan Yevropa mamlakatlari pozitsiyasi Rossiya-Amerika sammitiga qadar bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda: Kornuolldagi G7 va Bryusseldagi NATO sammitlarida, shuningdek, Baydenning Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen bilan muloqotlari chog‘ida ishlab chiqilgan bo‘lishi mumkin.
G‘arb konsepsiyasi Rossiyadagi 90-yillarni eslatadi — Lavrov
Shuningdek, Lavrov maqolasida G‘arbning “qoidalarga asoslangan dunyo tartibotini” Rossiyadagi dahshatli 90-yillarga o‘xshatgan.
“Iyun oyida o‘tkazilgan NATO va G7 sammitlari shuni ko‘rsatdiki, G‘arb hammaga har qachongindanda birdamroq, xalqaro masalalarda o‘zi to‘g‘ri deb o‘ylagan ishlarni amalga oshirishini, boshqalarni esa — avvalo, Rossiya va Xitoyni o‘zi belgilab bergan yo‘nalishdan borishga majbur etishini namoyon etishga harakat qilgan”, deydi Lavrov.
Avvalroq Kreml AQSHni Rossiyaga do‘st bo‘lmagan mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish uchun sabab yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 16 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Rossiya-AQSH sammiti bo‘lib o‘tdi. Hashamatli La Granj qasrida ikki davlat rahbari Vladimir Putin va Jo Bayden 3 soatdan ortiq muzokara olib bordi. Muzokaralar vaqtida ikki davlat rahbari Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy, Arktikani harbiylashtirish, ikki mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan mahbuslarni almashish orqali Vataniga qaytarish, yangi sanksiyalar kabi bir qator masalalarni muhokama qilgan.
LiveBarchasi