JCH tarixida birinchi marta qizil kartochka bekor qilindi
Sport
−
06 iyul 10535 2 daqiqa
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Intizom qo‘mitasi AQSH milliy terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunga nisbatan qo‘llanilgan diskvalifikatsiyani shartli jazoga almashtirdi va unga Belgiyaga qarshi Jahon chempionati 1/8 final uchrashuvida maydonga tushishga ruxsat berdi. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Balogun 1/16 finalda Bosniya va Gersegovinaga qarshi bahsda (2:0) himoyachi Tarik Muharemovichga nisbatan qo‘pol harakat qilgani uchun qizil kartochka olgan edi. Amerikalik hujumchi raqibining oyog‘ining orqa qismiga butsasining tishlari bilan zarba bergan.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, u keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi kerak edi.
“FIFA Intizom kodeksining 27-moddasiga muvofiq, bir o‘yinlik diskvalifikatsiya bir yillik sinov muddati bilan almashtiriladi. Agar futbolchi ushbu muddat ichida shunga o‘xshash xususiyat va og‘irlikdagi yana bir qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, shartli jazo bekor qilinadi va avvalgi diskvalifikatsiya yangi huquqbuzarlik uchun belgilanadigan qo‘shimcha jazoga qo‘shimcha ravishda qo‘llaniladi”, deyiladi rasmiy xabarda.
2025 yilda Portugaliya milliy terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu ham 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida olgan qizil kartochkasidan keyin shunga o‘xshash qarorga duch kelgan edi. U saralashning so‘nggi uchrashuvini o‘tkazib yubordi, keyinchalik esa ikki o‘yinlik shartli jazo oldi. Bu qaror unga uzoq muddatli diskvalifikatsiyadan qochish va Shimoliy Amerikada o‘tkazilayotgan Jahon chempionatining ochilish o‘yinlarida ishtirok etish imkonini bergan.
Ma’lumot uchun, 25 yoshli Folarin Balogun 2023 yilning yozidan buyon Fransiyaning “Monako” klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U 2026 yilgi Jahon chempionatida uchta uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol urdi va AQSH terma jamoasining turnirdagi eng yaxshi to‘purari bo‘lib turibdi.
AQSH va Belgiya o‘rtasidagi 1/8 final uchrashuvi ertaga, 7 iyul kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu bahs g‘olibi chorak finalda Ispaniya – Portugaliya juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul