JCH-2026 dan qaysi jamoa ko‘proq foyda ko‘rdi?
Sport
−
22 iyul 4112 2 daqiqa
“Manchester Siti” ketma-ket uchinchi yil Jahon chempionati doirasida klublarga to‘lanadigan kompensatsiyalar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “The Athletic” xabar berdi.
2026 yilgi Jahon chempionati uchun Klublar manfaati dasturi (Club Benefits Programme – CBP) jamg‘armasi rekord darajadagi 355 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu Rossiya-2018 va Qatar-2022 mundiallariga ajratilgan mablag‘ga nisbatan qariyb 70 foizga ko‘pdir.
Jamg‘armaning 250 million AQSH dollari futbolchilari mundialning final bosqichida ishtirok etgan klublar o‘rtasida taqsimlanadi. Yana 100 million dollar saralash bosqichida qatnashgan futbolchilar uchun ajratilgan. Qolgan 5 million dollar esa klublar futbolini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
“The Athletic” nashri hisob-kitoblariga ko‘ra, “Manchester Siti” turnirning hal qiluvchi bosqichlarida ishtirok etgan olti nafar futbolchisi – Rayan Sherki, Mark Gexi, Niko O’Rayli, Jon Stounz, Jeyms Trafford va Rodri hisobiga taxminan 4,4 million dollar ishlab topadi.
Reytingda ikkinchi o‘rinni, 2022 yildagi kabi, “Barselona” egallaydi. Kataloniya klubining 16 nafar futbolchisi turnirning turli bosqichlarida ishtirok etgan. Kataloniya klubi bu orqali 3,9 million AQSH dollari ishlab olgan.
Kuchli beshlikdan, shuningdek, “Bavariya” (3,4 million dollar), “Arsenal” (3,3 million dollar) va “Pari Sen-Jermen” (3,2 million dollar) ham joy olgan.
Reytingdagi eng katta syurprizlardan biri “Kristal Pelas” bo‘ldi. London klubi mundialda qatnashgan 12 nafar futbolchisi hisobiga taxminan 2,7 million dollar ishlab topib, umumiy ro‘yxatda yettinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, “Sanderlend” ham 2,2 million dollarlik daromad bilan umumiy reytingda 13-o‘rindan joy oldi.
Taxminlarga ko‘ra, Yevropa klublari umumiy to‘lovlarning 70 foizini, ya’ni 250 million dollarini oladi. Bu 2018 va 2022 yillardagi 76 foizlik ulushga nisbatan kamroqdir.
Mutaxassislar bu pasayishni Jahon chempionati ishtirokchilari sonining 48 ta jamoagacha kengaytirilgani bilan izohlamoqda.
Ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yilgi Klublar manfaati dasturi doirasida jami 451 ta klub kompensatsiya puli oladi.
Live
Barchasi