Jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar narxlar oshishiga sabab bo‘ldi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
07 Sentabr 2023
2895O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 sentyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyevning murojaatini O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov o‘qib eshittirgan. Murojaatda Prezident oziq-ovqat xavfsizligi, uni barqaror yetkazib berish, ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash masalalari bugun ham o‘ta dolzarb bo‘lib qolayotganini qayd etgan.
“So‘nggi o‘n yillarda “yashil inqilob” va innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi keskin oshdi, tobora ko‘payib borayotgan dunyo aholisini oziq-ovqat bilan ta’minlashda sezilarli yutuqlarga erishildi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Shuningdek, Mirziyoyev keyingi paytda koronavirus pandemiyasi, jahon siyosati va iqtisodiyotidagi inqirozlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimida zanjirlarning uzilishi va narxlar oshishiga sabab bo‘layotganiga e’tibor qaratgan.
“Bundan ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar jabr ko‘rmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimiga investitsiya hajmi kamayishi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Bu esa Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni xavf ostida qoldirmoqda”, deydi Mirziyoyev.
Uning aytishicha, O‘zbekiston Respublikasi BMT Bosh kotibi Antonio Guterreshning 2021 yilda oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha global sammit o‘tkazish borasidagi tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan.
“Hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, tashqi ta’sirlarga chidamli navlarini yaratish, chorva naslini yaxshilash o‘ta muhim ahamiyat kasb etmoqda. Fermerlar va kichik ishlab chiqaruvchilar uchun axborot-konsalting markazlarini tashkil etish, ularni resurs tejaydigan ilg‘or texnologiya va usullar bo‘yicha o‘qitish uchun agro-konsalting xizmatlari sifatini tubdan yaxshilash ham dolzarb bo‘lib bormoqda”, deyiladi Prezident murojaatida.
Shuningdek, Prezident zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikasi rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlardagi fermerlar uchun bir xilda ochiq va hamyonbop bo‘lishi kerakligini aytgan.
“Biz xalqaro moliya institutlarini ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining “yashil texnologiyalar”dan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishga chaqiramiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Bundan tashqari, Mirziyoyev eng zarur mahsulotlar savdosi va transportirovkasida to‘liq erkinlik hamda oziq-ovqat yuklari harakatini tartibga soladigan qoidalarni soddalashtirish tarafdori ekanini bildirib, savdo yo‘llari xavfsizligi va ochiqligini ta’minlash davlatlararo munosabatlarda o‘zgarmas tamoyil bo‘lib qolishi zarurligini aytgan.
Qayd etish joizki, agrotarmoq O‘zbekiston iqtisodiyotidagi yetakchi sektorlardan biri bo‘lib, mehnatga layoqatli aholining 27 foizi ushbu sohada mehnat qiladi.
Ma’lumot uchun, Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan mazkur anjumanda dunyoning 32 ta davlatidan 620 nafardan ziyod xorijiy mehmon hamda 30 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotdan vakillar qatnashmoqda.
LiveBarchasi