Qamoqxonadagi bolali ayollar qanday sharoitlarda yashaydi?

Intervyu

image

QALAMPIR.UZ IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i Shahrizod Shokirov bilan 21-son jazoni ijro etish muassasasidagi yosh bolali ayollarning yashash sharoitlari haqida suhbatlashdik. 

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Umuman, yosh bolali ayol muassasada qanday saqlanishi haqida qisqacha so‘zlab bersangiz.

Shahrizod Shokirov, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i:— Avvallari ularning go‘daklarini oziqlantirishlari uchun kunda bir necha marta uchrashish belgilangan edi. Yurtimizda qonunchilikdagi islohotlar, insonlarning huquqlarini ta’minlash, yuksak insonparvarlik ifodasi o‘laroq qabul qilinayotgan qonunlar fuqarolarga ko‘pgina qulayliklar yaratib beryapti. 

Jumladan, uch yoshga to‘lmagan farzandi bo‘la turib jazo muddatini o‘tayotgan ayollarga farzandlari bilan doimiy ravishda birga yashashlari uchun imkon berildi. Buning uchun muassasada bola parvarishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, tajribali tibbiyot xodimlari ularning salomatligini doimiy ravishda nazorat qilib turishadi.

F.N.: — Bu yerdagi bolali ayollarning fe’l-atvorida jinoyatga qo‘l urgan boshqa ayollardan farqli jihatlari seziladimi?

Sh.Sh.: — Bolali ayollarda pushaymonlik hissi nihoyatda kuchli bo‘ladi. Bu hisni ularning mungli ko‘zlaridan ham ko‘rish mumkin. Chunki ular o‘zlaridan ham ko‘ra farzandlarining bolaligi panjara ortida o‘tayotganidan ruhiy azob tortadilar. Mana, biz kuzatgan Toshkent viloyati IIBB JIEB 21-son jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan ayollar orasida ham shu kabilari borligi achinarli. Lekin qonun amal qilishi, jazo muqarraligi ta’minlanishi lozim.

Shunga qaramay ayolni baxtli qilish uchun, uni har qanday holatida ham ayolligini saqlab qolish uchun ya’ni huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi hayrli amallar, insonlarning porloq kelajakka bo‘lgan ishonchini uyg‘otishi, hayotdan o‘z o‘rnini topib, halol mehnat bilan shug‘ullanishi, vatanparvar avlodlarni tarbiyalab voyaga yetkazishi yo‘lida muhim omil bo‘ladi.

F.N.: — Bolali ayollar ishga chiqadilarmi?

Sh.Sh.: — 21-son jazoni ijro etish muassasasida yosh bolali ayollar o‘zlarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda farzandlari 1 yoshga to‘lgan mahkumalar o‘z xohishlariga ko‘ra muassasa rahbariyatiga ishga chiqish bo‘yicha ariza bilan murojaat etadilar. Ushbu arizalar soxaviy xizmat xodimlari tomonidan o‘rganib chiqilgandan so‘ng, muassasa rahbari ruxsati bilan yashash hududi va muassasadagi ishlab chiqarish korxonasiga ayollarga xos bo‘lgan yengil ishlarga halol mehnat bilan shug‘ullanishlariga imkoniyat yaratib berilgan.

F.N.: — Bolali ayollarga yaqinlari bilan uchrashuvlarda qandaydir imtiyozlar bormi?

Sh.Sh.: —  Muassasadagi mavjud bolalar uyida yosh bolali ayollarga hozirgi kunda o‘z farzandlari bilan doimiy ravishda birga yashashlari uchun vaqt cheklanmagan, ularga bola parvarishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 30 iyun kunidagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni talablaridan kelib chiqib, hozirgi kunda mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan 1 yil ichida 4 marta muddati 
5 kungacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuvlar, shuningdek uchrashuvda o‘zining shaxsini, qarindoshligini yoki vasiyligini tasdiqlovchi hujjatlarini taqdim etsa o‘sha voyaga yetmagan farzandi bilan birga muassasaga kelgan yaqin qarindoshiga ham ruxsat berilishi yo‘lga qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Shahrizod Shokirov

Baholaganlar

371

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing