Jazoir Makronning “mas’uliyatsiz” bayonoti sabab Fransiyadagi elchisini chaqirtirib oldi

Olam

image

Jazoirning Parijdagi elchisi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning “mas’uliyatsiz” bayonotidan keyin chaqirib olindi. Bu haqda Jazoir yetakchisi Abdulmajid Tebbun ma’lum qildi.

“Elchini Parijdan chaqirib olish qarori Fransiya Prezidentining mas’uliyatsiz bayonotlari tufayli qabul qilingan”, deya Tebbunning so‘zlarini keltirgan Prezident matbuot xizmati.

Jazoir rahbari, mamlakatining ichki ishlariga aralashuvni mutlaqo qabul qilmasligini ta’kidlagan. Tebbunning so‘zlariga ko‘ra, Makronning so‘zlari Jazoirda fransuz mustamlakachiligi davrida halok bo‘lgan odamlar xotirasini haqoratlash bilan barobar.

“Le Monde” gazetasi Makronning Jazoirning rasmiy tarixi amalda to‘liq qayta yozilgani haqida bildirgan fikrlarini e’lon qilgandi. Unda aytilishicha, 30 sentyabrda Makron Yelisey saroyidagi qarorgohida 1954-1962 yillar davomida Jazoir mustaqilligi uchun borgan urushning bosh qahramonlari avlodlari bilan uchrashgan. Suhbat chog‘ida Makron Jazoir nomiga tanqidiy fikrlar bildirib, jumladan mamlakat tarixi “Fransiyaga adovat bilan yo‘g‘rilgan holda qayta yozilgani”ni aytgan.

Shundan so‘ng, Fransiyaning Jazoirdagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va Parijdagi Jazoir diplomatik vakolatxonasi boshlig‘i maslahatlashuvlar uchun mamlakatiga chaqirib olingan. Fransiya hukumati matbuot kotibi Gabriyel Attal avvalroq Parij Marokash, Jazoir va Tunis fuqarolari uchun viza tartibini kuchaytirayotganini aytgandi.

Ma’lumot uchun, Jazoir 130 yildan ortiq vaqt davomida Fransiya mustamlakasi bo‘lgan. 1954 yilda Jazoirda boshlangan mustaqillik urushi 1962 yilda Evian sulh bitimining imzolanishi, so‘ngra Jazoir mustaqilligining e’lon qilinishi bilan yakunlandi. Bu urushda, har xil ma’lumotlarga ko‘ra, 300 mingdan milliongacha odam qurbon bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Jazoir

Baholaganlar

207

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing