Jazirama sabab vaqtincha yopilgan xususiy bog‘chalarda to‘lov masalasi qanday hal qilinadi?

Jamiyat

image

Anomal issiq havo sabab respublikasining ayrim hududlarida vaqtincha yopilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida to‘lov masalasi ota-onalar va bog‘cha o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida hal etiladi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.

Bildirilishicha, yuqori harorat tufayli respublikaning ayrim hududlaridagi ba’zi xususiy bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Moddiy-texnik bazasi, xususan, konditsionerlar bilan yetarli darajada ta’minlangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari esa odatdagi tartibda ishlashda davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 31-moddasiga asosan, nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim jarayoni ta’lim oluvchi yoxud uning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari hamda nodavlat ta’lim tashkiloti o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Mazkur shartnomada ta’lim olish muddati, shartlari, to‘lov miqdori va tartibi, tomonlarning huquq hamda majburiyatlari va boshqa shartlar belgilanadi.

Shu sababli, faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xizmat ko‘rsatilmagan kunlar uchun to‘lov undirish masalasi bog‘cha va tarbiyalanuvchilarning ota-onalari (qonuniy vakillari) o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida, o‘zaro kelishuv yo‘li bilan hal etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yilning 18–20 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi davom etishi haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek, anomal issiq ob-havo sabab Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida ham maktabgacha ta’lim tashkilotlarining faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgani va muassasa xodimlariga maoshining kamida uchdan ikki qismi miqdorida haq to‘lanishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing