Javob zarbasi: Ukraina Rossiyaga yuzlab dronlar bilan hujum qildi (video)
Olam
−
08 avgust 6248 2 daqiqa
Ukraina bugun, 8 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning bir qator hududlariga, Qrim va Azov dengiziga qariyb 400 ta dron bilan hujum qildi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Samara viloyatida sanoat korxonalaridan biriga zarba berilgani haqida viloyat gubernatori Vyacheslav Fedorishev ma’lum qildi. U korxonaning aynan qaysi biri ekaniga aniqlik kiritmagan. Hozirda hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Ukrainadagi monitoring kanallari va “Astra“ nashri guvohlarning videolariga tayanib, dronlar hujumidan so‘ng Sizran neftni qayta ishlash zavodida yong‘in chiqqanini xabar bergan. Mazkur korxona Samara viloyatidagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri bo‘lib, “Rosneft” tarkibiga kiradi. Zavod urush boshlanganidan beri Ukraina dronlari tomonidan bir necha bor nishonga olingan.
Krasnodar o‘lkasida esa dronlar “qoldiqlari” tushishi oqibatida Ilsk neftni qayta ishlash zavodida yong‘in yuz bergan. Bu haqda mintaqaviy tezkor shtab ma’lum qilgan. Hodisa oqibatida 5 kishi jarohatlangan. Mazkur korxona ham avval Ukraina hujumlarining nishoniga aylangan.
Lipetsk viloyatining Zadonsk shahrida Ukraina dronlarining hujumi oqibatida ikki kishi jarohatlangan. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, xususiy uylar, avtomobil va elektr uzatish liniyasiga zarar yetgan. Yana bir dron Lipetsk shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uyga qulagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu hodisada jabrlanganlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 8 avgust kuni Rossiyaning Ukraina poytaxti Kiyev atrofidagi hududlarga bergan zarbalari oqibatida 3 kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi