“Javob keskin bo‘ladi”. Finlyandiyalik deputat Ukrainani ogohlantirdi
Olam
−
10:47 8463 2 daqiqa
Finlyandiyalik siyosatchi, “Ozodlik alyansi” partiyasi a’zosi Armando Mema X ijtimoiy tarmog‘ida Kiyevning Nijnekamskka uyushtirgan va o‘n uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan hujumini keskin tanqid qildi.
“Yevropa Ittifoqi bunday fojialar oldida ko‘z yumishda davom etmoqda va nishonlarni tanlashda hech qanday cheklovlar qo‘ymay, harbiy yordamni saqlab qolmoqda. Bu holat Ittifoq va G‘arb yetakchilarining to‘liq ko‘magida sodir etilgan harbiy jinoyatlar ro‘yxatini to‘ldiradi. Men tinch aholiga qaratilgan bu zarbalardan chuqur g‘azabda ekanimni bildirmoqchiman”, deb yozdi u.
Siyosatchining qayd etishicha, bunday vahshiyliklar tinchlik o‘rnatish va muzokaralar yo‘lidagi barcha sa’y-harakatlarga putur yetkazadi.
“Bular muqarrar ravishda yanada keskinroq javob qaytarilishiga sabab bo‘ladi. Oxir-oqibat, Vladimir Zelenskiy o‘zining mas’uliyatsiz qarorlari bilan Ukrainada yanada kattaroq vayronagarchiliklarga turtki bermoqda”, deya xulosa qilgan u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 avgust kuni Tatariston Hukumati Matbuot xizmati respublika dushmanning uchuvchisiz uchish qurilmalari hujumiga uchraganini ma’lum qilgandi. Hujum oqibatida 13 kishi, jumladan, bir nafar bola halok bo‘lgan. 78 kishi yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 25 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Ukraina qurolli tuzilmalari tomonidan Tatariston Respublikasining sanoat va fuqarolik ob’ektlariga uyushtirilgan terrorchilik hujumi ortidan Rossiya Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Respublikada motam e’lon qilindi.
Voqeada halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar 8 nafarni tashkil etmoqda. Mazkur hodisa yuzasidan Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Bosh vazirning o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasi tuzildi.
Hukumat komissiyasiga hodisa oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolarining holidan xabar olish va ularga barcha zarur yordam ko‘rsatish, halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarni esa havo transportida maxsus reys orqali olib kelish va tegishli manzillarga yetkazish, shuningdek, ularning oila a’zolariga har tomonlama ko‘maklashish vazifalari yuklatilgan.
Keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova diplomatik idora saytida Ukraina Qurolli kuchlari Nijnekamskdagi xorijliklar istiqomat qiladigan joyga Rossiya Federatsiyasining do‘st mamlakatlar bilan qardoshlik munosabatlariga nifoq solish uchun maqsadli ravishda zarba bergani haqida izoh qoldirgan.
Live
Barchasi