Javohir Sindorov nufuzli xalqaro turnirda g‘olib bo‘ldi
Sport
−
28 may
5195Joriy yilning 20-26 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida “Tepe Sigeman & Co Chess 2025” turniri bo‘lib o‘tdi va unda o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov g‘olib bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur turnir FIDE qoidalari asosida 7 turdan iborat aylana tizimda (raund-robin) standart yo‘nalishda o‘tkazilgan. Turnirda 8 davlatdan 8 nafar dunyoning eng kuchli grossmeysterlari ishtirok etgan.
Ushbu nufuzli musobaqada Javohir Sindorov xalqaro grossmeysterlar Tan Chjun’i va Ervin L’Amini mag‘lubiyatga uchratgan. Shuningdek, u yetakchi shaxmatchilar – Rey Robson, Nils Grandelius, Vasiliy Ivanchuk va Yagiz Kaan Erdogmush bilan durang o‘ynagan. Natijada Javohir Sindorov 7 imkoniyatdan 4,5 ochko to‘plab, 2741 performans ko‘rsatkichi bilan turnirda 1-o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindorov dunyoga mashhur “Vitality” kibersport jamoasi bilan shartnoma imzolagani xabar qilingandi.