Jasur Umirov ozodlikdan mahrum qilindi
Madaniyat-san’at
−
02 fevral 2021
48345Avvalroq, xonanda Jasur Umirov voyaga yetmagan Sh.M.ni nomusiga tekkani, unga nisbatan Samarqand viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 118-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2020 yilning 21 dekabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani haqida xabar bergan edik. Keyinchalik Jasur Umirovning sudi yopiq tarzda o‘tkazilishi aytildi.
Bugun, 2 fevral jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudida sudlanuvchilar J. U., A. Z., Sh. Q. ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.
Ushbu jinoyat ishi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) 1-qismi talablariga muvofiq yopiq tarzda ko‘rib chiqilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2021 yil 2 fevraldagi hukmiga ko‘ra:
J. U. Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
A. Z. Jinoyat kodeksining 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 1-qismi va 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan;
Sh. Q. Jinoyat kodeksining 238-moddasi 1-qismi va 241-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida uzil-kesil 1 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan tomonlarga, shu jumladan sudlanuvchilar, jabrlanuvchi va uning qonuniy vakiliga, hukm nusxasini olgan vaqtdan boshlab yigirma sutka muddat ichida shu sud orqali Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilishga va protest keltirishga haqli ekanligi tushuntirilgan.
LiveBarchasi