Jasur Umirov bolasi bilan katerda xavfsizlik qoidalarini buzdi (video)
3-sahifa
−
11:34 1257 2 daqiqa
Xonanda Jasur Umirov yosh farzandi bilan qutqaruv nimchasisiz yuqori tezlikda katerda harakatlandi. Ushbu holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgach, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xonanda bilan Ichki ishlar vazirligining Turizm politsiyasi xodimlari hamkorligida profilaktik suhbat o‘tkazganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, suhbat davomida Jasur Umirovga suv havzalarida xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish, xususan, katerda harakatlanish vaqtida qutqaruv nimchasidan foydalanish zarurligi tushuntirilgan.
Shuningdek, xonanda ham ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatida ushbu holat yuzasidan izoh berdi. U o‘g‘li bilan katerda qutqaruv nimchasisiz harakatlangan videosi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganini aytgan. Shu bilan birga, Jasur Umirov joriy yilning 2 sentyabr kuni bir oilaning cho‘kib ketishi oqibatida uch kishi halok bo‘lgani haqida eshitganini va bundan juda achinishini bildirgan. Uning aytishicha, xonandaga mazkur oilaning ham qutqaruv nimchasisiz suvga tushgani haqida ma’lumot berilgan.
“Albatta, katerdami, boshqadami harakatlanayotganda qutqaruv nimchasisiz yurmanglar“, degan Umirov.
Unga Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan bu holat noto‘g‘ri ekani tushuntirilgan. Shundan so‘ng Jasur Umirov videoni o‘chirib tashlaganini ma’lum qilgan.
“Videoni keyin o‘chirib tashladim. Sizlarga hech qachon bunday ishni tavsiya bermayman“, degan u.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilning 2 sentyabr kuni Chorvoq suv omborida ota va uning 2 o‘g‘li cho‘kib ketgan edi. Ularning jasadlari esa joriy yil 9–10 sentyabr kunlari topilgandi.
Live
Barchasi