UEFA sariq kartochkalar bo‘yicha yangi qoidalarni joriy qildi

Sport

image

UEFA Chempionlar ligasi, Yevropa ligasi va Konferensiyalar ligasining guruh bosqichida sariq kartochkalar to‘planishiga oid yangi qoidalarni e’lon qildi. Bu haqda “The Mirror” nashri xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, liga bosqichida futbolchilar va jamoa rasmiylari maydondan chetlatilishga sabab bo‘lmagan 4 ta sariq kartochka olganidan so‘ng bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilinadi. Keyingi diskvalifikatsiyalar esa har bir juft raqamli sariq kartochkadan keyin – oltinchi, sakkizinchi va hokazolarda qo‘llaniladi.

Yevropa musobaqalarining saralash bosqichida esa amaldagi tartib saqlanib qoladi. Unga ko‘ra, chetlatilishga sabab bo‘lmagan 3 ta sariq kartochkadan keyin futbolchi bir o‘yinga chetlatiladi.

Keyingi diskvalifikatsiyalar esa har bir toq raqamli kartochkadan keyin – beshinchi, yettinchi va hokazolarda amal qiladi.

UEFA ushbu o‘zgarishlarni 2024–2025 yilgi mavsumdan amalga oshirilgan musobaqalar islohoti bilan izohladi. Chempionlar ligasi va Yevropa ligasida liga bosqichi o‘yinlari soni oltitadan sakkiztaga oshirilgani sababli, sariq kartochkalar yig‘ilishi ortidan diskvalifikatsiyalar soni ham ko‘paygan.

Yangi qoidalar o‘yinlar soni bilan ruxsat etilgan sariq kartochkalar o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Shuningdek, ushbu tartib Konferensiyalar ligasiga ham tatbiq etiladi. Garchi mazkur musobaqada liga bosqichi hozircha 6 ta o‘yindan iborat bo‘lsa-da, UEFA bu qarorni qishki transferlar oynasida turli Yevropa musobaqalarida ishtirok etayotgan klublar o‘rtasida futbolchilarning ko‘chib o‘tishi ehtimoli bilan izohladi.

Eslatib o‘tamiz, Chempionlar ligasi 2025–2026 yilgi mavsumda Fransiyaning PSJ jamoasi “Arsenal”ni penaltilar seriyasida mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi mavsum chempionlikni qo‘lga kiritgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing