JARda 5 qavatli uydan chiqqan yong‘in oqibatida 73 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
31 avgust 2023
5758Janubiy Afrikaning eng yirik shahri Yoxannesburg markazidagi besh qavatli binoda yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda 73 kishi halok bo‘ldi va 52 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in uysizlar istiqomat qiladigan norasmiy aholi punktida sodir bo‘lgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, binoda 200 ga yaqin odam yashagan.
Omon qolganlar yengil tan jarohati olgan. Aholining fikricha, yongan binoda hali ham odamlar bo‘lishi mumkin.
Halok bo‘lganlar orasida bir nafar bola ham borligi aytilmoqda. Yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 01:30 atrofida sodir bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar yetib kelib, odamlarni evakuatsiya qilgan.
Barcha jabrlanganlar shifoxonaga yotqizilgan. Yong‘in sabablariga esa aniqlik kiritilmagan. Rasmiylar tomonidan yong‘in to‘liq o‘chirilgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 26 avgust kuni Ruminiyadagi suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida ikkita portlash sodir bo‘lgandi. Oqibatda bir kishi halok bo‘ldi va 30 dan ortiq kishi yaralandi.