Japarov Jalolobod shahri nomini Manas deb o‘zgartirdi

Olam

image

Bugun, 17 sentyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Jalolobod viloyatidagi Jalolobod shahrini Manas deb o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, shahar nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni mamlakat parlamenti joriy yilning 10 sentyabr kuni qabul qilgan.

“Qonunning maqsadi – milliy mafkurani mustahkamlash, Jalolobod shahriga buyuk Manas – qirg‘iz xalqining turli bosqinlardan himoyachisi, xalq qahramonining nomini berish”, deyiladi xabarda.

“Kaktus.media” nashrining yozishicha, odatda oylar, hatto yillar davom etadigan shahar nomini o‘zgartirish jarayoni bu safar tez kechgan. Taklif berilishidan tortib qonun imzolanguniga qadar atigi ikki hafta vaqt o‘tgan. Shahar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, shahar nomini o‘zgartirish tashabbusi shahar kengashi deputatlaridan chiqqan va tezda respublika darajasida qo‘llab-quvvatlangan.

Joriy yilning 10 sentyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti majlisida deputat Mirlan Samixo‘ja “Manas” qirg‘izlar uchun bosh epos, buyuk meros va ruh ekanini ta’kidlagan.

“Shu sababli uning nomini oladigan shahar zimmasiga juda katta mas’uliyat tushadi – yetti, o‘n baravar ko‘p. Aholi bu nomga munosib bo‘lishi kerak. Shuning uchun internetda bunday narsalar bo‘lmasligi lozim: Manasning fohishalari, Manasning korrupsionerlari, Manasning zo‘ravonlari. Bunday so‘zlar ehtiyotkorlik bilan ishlatilishi kerak, qonunni buzib, bunday yomon ishlarni qiladiganlar u yerda umuman bo‘lmasligi kerak. Shahar aholisi ibrat ko‘rsatishi va Manasning obro‘sini oshirishi lozim”, deydi deputat.

Ma’lumot uchun, Jalolobod shahri rasman 1877 yil oktyabr oyida aholi punkti sifatida tashkil etilgan. Qishloq aholisi 1909 yilda 1100 kishi atrofida bo‘lgan va ularning asosini o‘zbek millatiga mansub aholi tashkil qilgan. Shaharning umumiy maydoni 64,6 kvadrat km bo‘lib, hozirda 184 mingdan ortiq odam yashaydi. Bugungi kundan ham aholining 30 foizga yaqini o‘zbeklardan iborat.


Maqola muallifi

Teglar

Jalolobod Qirg'iziston Manas

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing