Japarov Si Szinpinni Bishkekka taklif qildi
Olam
−
31 avgust 3621 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 31 avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida Tyanszin shahrida XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki davlat rahbarlari ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kun tartibining asosiy masalalari, jumladan, SHHT doirasidagi hamkorlik istiqbollari, logistika infratuzilmasini rivojlantirish, chegara o‘tkazish punktlari samaradorligini oshirish, shuningdek, moliyaviy, madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga oid masalalar yuzasidan mazmunli fikr almashdi.
Si Szinpin Japarovni qutlar ekan, yil boshidan buyon tomonlar ikki uchrashuv o‘tkazganini, ularda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish rejalari belgilab berilganini va hamkorlik masalalari bo‘yicha keng o‘zaro tushunishga erishilganini ta’kidladi.
Xitoy rahbari Japarov va qirg‘iz xalqini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, mamlakatga ravnaq va farovonlik tiladi. U rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga va modernizatsiya yo‘lidan birgalikda harakat qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘z navbatida, Prezident Sadir Japarov Si Szinpin va Xitoy hukumatiga mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Qirg‘izistonga qaratilayotgan doimiy e’tibor va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga ko‘rsatayotgan doimiy yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Sadir Japarovning Xitoyga davlat tashrifi va iyun oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda erishilgan barcha kelishuvlar izchil amalga oshirilayotgani ikki tomonlama munosabatlar, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishda yangi salmoqli yutuqlarga yo‘l ochayotgani ta’kidlandi.
Shu nuqtai nazardan, Sadir Japarov Si Szinpinni 2026 yilda Qirg‘izistonga davlat tashrifini taklif etib, hamkorlikdagi yangi muvaffaqiyatlar ushbu tashrifning ramziy tojiga aylanishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda davlat rahbari Xitoy tomonini Qirg‘izistonda amalga oshirilayotgan qator yirik sarmoyaviy loyihalar bilan tanishtirdi. Shu munosabat bilan XXR Raisi Xitoy kompaniyalarini ularni, xususan, “Tomchi” maxsus moliyaviy-investitsiya hududi va “Ala-Too Resort” sayyohlik majmuasini yaratish loyihalarini amalga oshirishga undashga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan strategik hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 30 avgust kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazgandi. Tomonlar Qozog‘iston-Xitoy munosabatlarini muhokama qilgan.
Live
Barchasi