Japarov mustaqil jurnalistlarning qamalishi sababini aytdi

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bir qator qirg‘iz ommaviy axborot vositalari xorijiy jamg‘armalardan pul olayotganini aytdi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbari “Kabar” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Ko‘pincha o‘zini mustaqil jurnalist va bloger deb ataydiganlar turli jamg‘armalar, tashkilotlar va hokazolardan grant mablag‘larini olishadi”, degan Japarov.

Prezidentning iddao qilishicha, 2017-2020 yillar oralig‘ida AQSHdan Demokratiya Milliy Jamg‘armasi (NED) qirg‘iz nohukumat tashkilotlari vakillari, jurnalistlar va blogerlarga 8 million 471 ming 614 dollar o‘tkazgan.  

Uning qo‘shimcha qilishicha, grant mablag‘lari to‘g‘ri maqsadlarda ishlatilmagan. Ular hokimiyatni obro‘sizlantirish, davlat siyosatini qoralash, jamiyatni bezovta qiluvchi, konstitutsiyaga zid chaqiriqlar va umuman, milliy xavfsizlikka tahdid soladigan soxta ma’lumotlarni tarqatish bilan shug‘ullanib kelgan.

Japarov qo‘lga olinganlarni professional jurnalist deb hisoblamasligini qo‘shimcha qilgan. 

"Bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadigan va mas’uliyatsizlik bilan turli manbalarni, jumladan, mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soladigan ma’lumotlarni e’lon qiladigan blogerlardir", deydi u.

Prezidentning aytishicha, ayni damda demokratik rivojlangan mamlakatlarda so‘z erkinligidan siyosiy maqsadlarga erishish va jamiyatni beqarorlashtirish uchun foydalanayotganlarga nisbatan cheklovlar joriy etilmoqda.

“Bu borada biz profilaktika choralarini ko‘rishga majburmiz, chunki bu bevosita mamlakat milliy xavfsizligiga daxldor”, degan Japarov.

U hibsda saqlanayotgan jurnalistlarning taqdiri haqida ham so‘z ochgan va qo‘lga olinganlarga qonuniy chora ko‘rilishini aytib o‘tgan. 

“24.kg nashri direktori va bosh muharririning so‘roq qilinishiga kelsak, ish qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida o‘tishi kerak”, degan u.

Prezidentning fikricha, yagona yo‘l hamma fuqarolar ommaviy axborot vositalarini tartibga soluvchi qonunlarga rioya qilishida – bu birinchi navbatda milliy xavfsizlik uchun muhim.

Qirg‘iz Prezidenti so‘zi yakuniga “Bizda so‘z erkinligi bor, bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, deya nuqta qo‘ygan. Ma’lumot o‘rnida, jurnalistlarning hibsga olinishidan bir kun o‘tib, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi rasmiy vakili Liz Trossel tashkilot Qirg‘izistonda jurnalistlarning hibsga olinishidan xavotirda ekanini bildirgan.

Rossiyalik jurnalistlar esa Bishkekda hibsga olingan OAV xodimlarini zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan edi.

Ular bu holatni “Qirg‘iziston hukumati fuqarolik jamiyati va so‘z erkinligiga qarshi urush e’lon qildi” deb atagan va maktubni 50 nafar jurnalist hamda alohida ommaviy axborot vositalari xodimlari imzolagan.

Faollar demokratik davlatlarni jurnalistlarni imkon qadar tezroq ozod qilish va ularga qarshi jinoiy ishlarni tugatish uchun diplomatik aloqalarni boshlashga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 yanvar kuni Qirg‘izistonda 11 nafar mustaqil jurnalist hibsga olingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov jurnalistlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing