Japarov mamlakatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymasligini aytdi
Olam
−
13:45 3592 2 daqiqa
Bugun, 16 fevral kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Qamchibek Tashiyevning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ketishi ortidan yuzaga kelgan muhokamalar haqida fikr bildirdi. Bu haqda davlat rahbari “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Sadir Japarov mintaqaviy bo‘linish, muddatidan oldin bo‘ladigan saylovlar, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash hamda kadrlar siyosati bo‘yicha savollarga javob bergan.
Davlat rahbari mamlakat shimol va janubga bo‘linishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni qat’iyan rad etgan. Uning aytishicha, avval bunday bo‘linishlardan ayrim siyosatchilar hokimiyat uchun kurashda foydalangan, oddiy fuqarolar esa vosita bo‘lib xizmat qilgan.
“Men hech qachon shimol va janub bo‘linishiga yo‘l qo‘ymayman. Bunday bo‘linishlar siyosatchilarga zarur bo‘lgan vaqtda paydo bo‘ladi”, degan Prezident.
Japarovning aytishicha, 2021 yildan beri davlat idoralarida keng ko‘lamli kadrlar rotatsiyasi olib borilmoqda. Hokimlar va sudyalar to‘liq rotatsiyadan o‘tgan: janubdan bo‘lgan rahbarlar shimolda, shimoldan bo‘lganlar esa janubda ishlamoqda. Bu jarayon barcha davlat idoralarini qamrab olgan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, rotatsiya kelgusida qishloqlar darajasigacha yetkaziladi. U tenderlar, yer va boshqa resurslar ko‘pincha rahbarlarning qarindoshlari yoki yaqinlariga berilayotganini ta’kidlab, bunday holatlarga barham berilishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev bilan do‘stona munosabatlar saqlanib qolinishi, biroq u davlat xizmatiga qaytmasligini ma’lum qilgandi.
Tashiyev iste’fosi
Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi.
Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi.
2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.
Live
Barchasi