Janubiy Koreyada vertolyot halokatga uchradi
Olam
−
09 fevral 1296 2 daqiqa
Bugun, 9 fevral kuni Janubiy Koreyaning Kyongido provinsiyasiga qarashli Kapxyon tumanida armiyaga tegishli AH-1C rusumli harbiy vertolyot qulab tushdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, halokat taxminan soat 11:00 da (Toshkent vaqti bilan 5:00) Seul shahridan 55 kilometr shimoli-sharqda sodir bo‘lgan. Harbiy vertolyot bortida ikki kishi bo‘lgan. Ular og‘ir tan jarohatlari olgan va yurak urishi to‘xtagan holatda shifoxonaga yetkazilgan.
2025 yil mart oyida ham Janubiy Koreyada o‘rmon yong‘inlarini o‘chirish ishlariga jalb etilgan vertolyot halokatga uchragan edi. O‘sha hodisa oqibatida uchuvchi halok bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, AH-1C – AQSHda ishlab chiqarilgan hujumchi harbiy vertolyot bo‘lib, u mashhur Bell AH-1 Cobra oilasiga mansub. Ushbu vertolyot asosan quruqlikdagi qo‘shinlarni havodan qo‘llab-quvvatlash, zirhli texnikani yo‘q qilish va jang maydonida razvedka vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan. AH-1C bir dvigatelli bo‘lib, tor va cho‘zilgan fyuzelyaji uni nishonga kichikroq ko‘rinishga ega qiladi, bu esa jangovar sharoitda omon qolish imkoniyatini oshiradi. U 20 mmli avtomat to‘p bilan qurollangan, shuningdek, boshqariladigan va boshqarilmaydigan raketalar, jumladan TOV tankka qarshi raketalarini olib yurishi mumkin. Vertolyot maksimal taxminan 280 km/soat tezlikka ega, uchish masofasi 500 km atrofida, ekipaji ikki kishidan – uchuvchi va qurol operatoridan iborat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyaning janubiy qirg‘og‘ida joylashgan plyaj yaqinida yengil samolyot okeanga qulab tushgandi. Hozircha hodisa oqibatida jabrlanganlar yoki qurbonlar bor-yo‘qligi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Live
Barchasi