Janubiy Koreyada prezidentlik saylovi boshlandi

Olam

image

O‘tgan yarim yil davomida siyosiy silkinishlar, noaniqliklar va ichki qarama-qarshiliklardan so‘ng Janubiy Koreya fuqarolari bugun, 3 iyun kuni yangi prezidentga ovoz berishni boshladi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu safargi saylovlar alohida ahamiyat kasb etadi. AQSHning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan, Osiyodagi muhim iqtisodiy va madaniy markaz hisoblangan Janubiy Koreya bir necha oy mobaynida vaqtincha prezidentlar almashinuvi, sobiq prezident Yun Sok Yolga nisbatan impichment jarayoni va harbiy holat e’lon qilinishi yuzasidan tekshiruvlar bilan murakkab holatga tushib qolgan.

Prezidentlikka ikkala yetakchi nomzod ham saylangan taqdirda mamlakatni tiklab olishga va’da bermoqda. Saylov bugun, 3 iyun kuni ertalab boshlandi, g‘olib esa ehtimoliy ravishda tunda yoki ertaga, 4 iyun kuni e’lon qilinadi.

Poygada asosiy favorit –  60 yoshli Li Chje Myon, liberallar yetakchiligidagi Demokratik partiyadan nomzod.

Li siyosatga kirishdan oldin advokat bo‘lib ishlagan, keyinchalik shahar meri lavozimida va parlament a’zosi sifatida faoliyat yuritgan. U avvalgi prezidentlik saylovlarida ham qatnashgan, biroq Yun Sok Yolga yutqazgan. 2023 yil yanvar oyida unga nisbatan suiqasd sodir etilgan, Li bo‘ynidan pichoq bilan yaralangan, biroq omon qolgan.

Li o‘z saylovoldi dasturida siyosiy va iqtisodiy islohotlar, jumladan prezidentning harbiy holat e’lon qilish vakolatini cheklash va Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritib, 5 yillik yagona muddat o‘rniga ikkita 4 yillik muddatni joriy etish rejasini ilgari surdi.

Shuningdek, u Koreya yarimorolida keskinlikni yumshatish, Shimoliy Koreyaning yadrosizlanishi masalasini hal qilish, kichik biznes va sun’iy intellekt sanoatini rivojlantirish tarafdori ekanini bildirgan.

Uning asosiy raqibi – 73 yoshli Kim Mun Su konservativ qarashdagi Xalq hokimiyati partiyasi nomzodi. Uning nomzodligini sobiq prezident Yun Sok Yol ham qo‘llab-quvvatlagan. Kim avvalroq mehnat vaziri bo‘lib ishlagan.

U ham mamlakat siyosati, sud tizimi va saylov boshqaruvini isloh qilib, jamiyat ishonchini tiklashga va’da bermoqda. Kim saylovoldi kampaniyasida soliqlarni kamaytirish, cheklovlarni yumshatish, yangi texnologiyalar va yadro energetikasini rivojlantirish orqali Janubiy Koreyani biznes uchun qulay mamlakatga aylantirishga intilishini ta’kidlagan.

Prezidentlik saylovlarida yana bir nomzod –  40 yoshli Li Jun Sok, konservativ Yangi islohotchilar partiyasi vakili hisoblanadi. U Garvard universitetida kompyuter fanlari va iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha tahsil olgan. 2021 yilda “Fuqarolik kuchi” partiyasi raisi etib saylangan, biroq keyinchalik poraxo‘rlik bilan bog‘liq tasdiqlanmagan ayblovlar tufayli lavozimidan chetlashtirilgan.

Li Jun Sok o‘z dasturida quyidagi asosiy g‘oyalarni ilgari surmoqda:

Hokimiyatni markazsizlashtirish va hududiy muvozanatni tiklash;

Biznes uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish va halol raqobatni rag‘batlantirish;

Gender tengligi va oila ishlari vazirligini tanqid qiladi, shuningdek, mamlakatdagi ayrim feminist tashkilotlarning faoliyatiga salbiy munosabat bildiradi.

Tashqi siyosatda esa u AQSH bilan strategik hamkorlikni mustahkamlash tarafdori, Shimoliy Koreya bilan aloqalarda esa pragmatik yondashuvni qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili 3 dekabr kuni sobiq prezident Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat e’lon qilib, bu qarorni u “konstitutsiyaviy tartibni himoya qilish va shimoliy koreyalik kommunistik kuchlar tahdidini bartaraf etish” istagi bilan asoslagan edi. 

Bu qarorga muxolifatdagi Demokratik partiya yetakchisi Li Chje Myon keskin qarshi chiqqan, u partiyadoshlarini parlament binosiga yig‘ilishga chaqirgan. Keyinchalik parlament harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz bergan.

Shundan so‘ng Yun Sok Yolga nisbatan davlat to‘ntarishi uyushtirish ayblovi bilan politsiya tergov boshlagan bo‘lsa, Demokratik partiya impichment jarayonini boshlab yubordi.

14 dekabr kuni parlament impichmentni qo‘llab-quvvatladi, 31 dekabrda esa sud uni hibsga olish haqida order berdi. Yun 2025 yil yanvar oyi o‘rtalarida, ikkinchi urinishda qo‘lga olindi. Yanvar oxirida esa prokuratura sobiq prezident Yun Sok Yelga rasmiy ayblov qo‘ydi.

Joriy yil aprelda prezident impichmenti Konstitutsion sud tomonidan yakuniy tarzda tasdiqlandi va Yun Sok Yol rasman lavozimidan chetlatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya prezidentlik saylovi Li Chje Myon Kim Mun Su

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing