Janubiy Koreyada parlament va siyosiy partiyalar faoliyati to‘xtatildi (video)
Olam
−
03 dekabr
6679Avvalroq, Janubiy Koreyada favqulodda harbiy holat joriy etilgani xabar qilingandi. Buning ortidan mamlakatda parlament va siyosiy partiyalar faoliyati to‘xtatilib, qonunchilik organi binosiga kirish harbiylar tomonidan to‘sib qo‘yildi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mamlakat Harbiy holat boshqarmasi o‘zining birinchi farmoni bilan parlament va siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgan.
“Milliy Assambleya, mahalliy qonunchilik organlari, siyosiy partiyalar faoliyati, shuningdek, siyosiy yig‘ilishlar, mitinglar, namoyishlar va boshqa har qanday siyosiy faoliyat to‘liq taqiqlanadi. Barcha tibbiyot xodimlari, jumladan ordinatorlar, 48 soat ichida ish joyiga qaytishi kerak. Harbiy holat to‘g‘risidagi farmonni buzgan shaxslar ordersiz hibsga olinishi mumkin”, deyiladi Janubiy Koreya Qurolli kuchlari quruqlik armiyasi generali Pak An Su imzolagan Harbiy holat boshqarmasi farmonida.
Nashrga ko‘ra, muxolif Toburo demokratik partiyasi rahbari Janubiy Koreya Prezidentining harbiy holat haqidagi qarorini konstitutsiyaga zid, deb baholagan. “Associated Press” nashrining yozishicha, Prezident Yun Sok Yolning reytingi so‘nggi oylarda sezilarli darajada pasayib, uning partiyasi muxolifat bilan keskin ziddiyatga borgan.
Ushbu voqealar Janubiy Koreya kriptovalyuta bozoriga ham ta’sir etgan. Xususan, hozirgi vaqtda mamlakatdagi barcha kriptovalyuta birjalari yopilgan, savdo esa deyarli imkonsiz bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, harbiy holat qo‘mondoni barcha ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat o‘rnatilganini e’lon qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, hozirgacha Janubiy Koreyada uch marta harbiy holat e’lon qilingan va ularning oxirgisi deyarli 44 yil oldin bo‘lgan.
LiveBarchasi