Janubiy Koreyada keksalarga sun’iy intellektli qo‘g‘irchoqlar tarqatila boshlandi

Olam

image

Janubiy Koreyada qariyalar va demensiya sindromi (aql faoliyati va xotiraning susayishi)bilan kasallangan bemorlarga sun’iy intellektga ega qo‘g‘irchoqlar berilmoqda. Bu haqda “Rest Of World” nashri xabar berdi.

Ijtimoiy xodimlarning fikricha, ushbu o‘yinchoqlar yolg‘izlikka qarshi kurashishda yordam beradi. Hozirda ChatGPT asosida ishlaydigan "Hyodol" qo‘g‘irchog‘idan butun mamlakat bo‘ylab 12 mingdan ortiq nafaqaxo‘r foydalanmoqda.

Qo‘g‘irchoqlar har kuni: “Bugun o‘zingizni qanday his qilyapsiz yoki biror joyingiz og‘riyaptimi?”, kabi savollar berib, insonning kayfiyati va jismoniy holatini kuzatib boradi. Bundan tashqari, maxsus datchik harakatni qayd etadi va agar bir sutka davomida harakat bo‘lmasa, tezkor xizmatlar hamda qarindoshlarga xabar yuboriladi. Xuddi shuningdek, tizim insonning kayfiyatida tushkunlikni ko‘rsatadigan o‘zgarishlarni sezsa ham ogohlantiradi.

Asosiy vazifa – inson bilan muloqot qilish. Mustaqil tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Hyodol bilan kundalik suhbatlar depressiya va demensiya simptomlarini kamaytiradi.

“Qariyalar uchun kim bilandir gaplashish imkoniyati juda muhim. Ba’zi narsalar bor-ki, ular haqida bizga ham, hatto farzandlariga ham aytishmaydi”, deydi ijtimoiy xodimlar.

Biroq bir qator muammolar ham mavjud. Nafaqaxo‘rlar ko‘pincha o‘z qo‘g‘irchoqlarini shaxs sifatida qabul qiladi – ularga kiyim tikadi, taom tayyorlaydi va Hyodol buzilsa qattiq tashvishlanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchi kompaniya bosh direktorining so‘zlariga ko‘ra, ayrim odamlar qo‘g‘irchoqlarini o‘zlari bilan birga dafn etishni ham so‘ragan.

Shuningdek, demensiya bilan og‘rigan keksalar qo‘g‘irchoqning so‘zlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qiladi. Shu sababli ishlab chiquvchilarning chat-botni cheklashi, ya’ni ba’zi provokatsion iboralarni olib tashlashiga to‘g‘ri kelgan. Shunga qaramay, tahlilchilarning fikricha, 2030 yilga borib qariyalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi robotlar bozori 7,7 milliard dollarga yetadi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya qo'g'irchoq Hyodol

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing