Janubiy Koreyada harbiy samolyot tasodifan uylarga bomba tashlab yubordi
Olam
−
06 mart
9908Bugun, 6 mart kuni Janubiy Koreyaning Pocheon shahri yaqinidagi harbiy mashg‘ulotlar paytida qiruvchi samolyotlar tomonidan tashlangan bombalar tinch aholi punktiga tushib, uylar va cherkovga zarar yetkazdi. Bu haqda Koreya Respublikasi Harbiy havo kuchlari va o‘t o‘chirish bo‘limi ma’lum qildi.
Geonggi-do Bukbu yong‘in xavfsizligi xizmati bayonotida 15 kishi yaralangani, ulardan ikki nafari og‘ir jarohatlangani aytilgan.
Pocheon Seuldan taxminan 40 kilometr shimoli-sharqda, Shimoliy Koreya bilan qattiq harbiylashtirilgan chegara yaqinida joylashgan.
Janubiy Koreya Harbiy-havo kuchlarining ma’lum qilishicha, KF-16 samolyotlaridan sakkizta 225 kilogramli Mk82 bombasi qo‘shma jonli o‘q otish mashqlari paytida o‘q otish maydonchasi tashqarisiga tushib ketgan.
“Biz noodatiy hodisa oqibatida yetkazilgan zarar uchun uzr so‘raymiz va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz”, deyiladi havo kuchlari bayonotida.
“Yonhap” agentligining yozishicha, hududda yashovchilar yillar davomida yaqin atrofdagi mashg‘ulot maydonchalarining notinchligi va ehtimoliy xavf haqida norozilik bildirib kelgan. Rasmiylar portlamay qolgan bombalar bor-yo‘qligini tekshiridhi uchun tushga yaqin aholi evakuatsiya qilingan.
Mudofaa vazirligi esa Janubiy Koreya va AQSH kuchlari kelasi hafta boshlanishi kerak bo‘lgan yillik harbiy mashg‘ulotlar bilan bog‘liq Pocheon shahrida birinchi qo‘shma jonli o‘q otish mashqlarini o‘tkazayotganini e’lon qilgandi.
“Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar 10 mart kuni “Ozodlik qalqoni” yillik mashg‘ulotlarini boshlaydi. 20 martga qadar davom etadigan qo‘shma mashg‘ulotlar Shimoliy Koreya kabi tahdidlarga qarshi ittifoqning tayyorligini kuchaytirishga qaratilgan”, deya xabar beradi Seuldagi shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi.
Bildirilishicha, bu yilgi mashg‘ulotlarda “yaqindagi qurolli mojarolardan olingan saboqlar” va Shimoliy Koreyaning Rossiya bilan o‘sib borayotgan hamkorligiga javob bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda 70 ga yaqin qo‘shma dala mashqlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan
“Bizning rejalashtiruvchilarimiz butun dunyo bo‘ylab o‘zgaruvchan tendensiyalarni aniqlaydi va biz buni mashqlarimizga qanday kiritishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz”, deydi Koreyadagi Qo‘shma Shtatlar kuchlari matbuot kotibi Rayan Donald.
LiveBarchasi