Janubiy Koreyada harbiy holat bekor qilindi
Olam
−
04 dekabr 2024
5749Bugun, 4 dekabrga o‘tar kechasi Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol mamlakatdagi harbiy holatga chek qo‘ydi. Bu haqda “Associeted Press” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol kecha, 3 dekabr kuni kechqurun mamlakatda favqulodda harbiy holat e’lon qilgan. Ko‘p o‘tmay Seuldagi Milliy Assambleya binosi oldida namoyishchilar yig‘ila boshlagan, politsiya parlamentga kirishni to‘sib qo‘ygan va shahar ko‘chalarida harbiy texnikalar paydo bo‘lgan.
Bir necha soatdan so‘ng 300 deputatdan 190 nafari parlamentga kirishga muvaffaq bo‘lgan va harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz bergan. Muxolifat yetakchisi Li Je Men Prezident qarorini “konstitutsiyaga zid” deb atadi va uni xalqqa qarshi qadam sifatida qoraladi.
Mamlakat Prezidentiga ko‘ra, u harbiy holatni amalga oshirishga jalb etilgan harbiylarni chaqirib olgan.
“Biz Milliy majlis talabini qabul qilib, harbiy holatni bekor qilamiz. Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishini darhol chaqirdik, biroq hozir erta tong bo‘lgani sababli kvorum hali to‘planmagan. Shuning uchun kvorum to‘planishi bilan harbiy holatni bekor qilamiz”, deydi Yun Sok Yol.
Shuningdek, u Milliy majlisdan mamlakat faoliyatini izdan chiqarayotgan qayta-qayta impichment jarayonlari, qonunchilik va byudjet faoliyatini darhol to‘xtatishni so‘radi.
Keyinroq hukumat majlisi bo‘lib o‘tgan, unda harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror rasman qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilinishi ortidan ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirilgandi. Mamlakatdagi yuzaga kelayotgan ichki siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda barcha Janubiy Koreyada turli xil mitinglar va namoyishlarda ishtirok etmaslikka chaqirilgandi.
LiveBarchasi