Janubiy Koreyada hamkasblarining o‘limi ortidan minglab o‘qituvchilar namoyishga chiqdi (fotoreportaj)
Olam
−
05 Sentabr 2023
10983Kecha, 4 sentyabr kuni Janubiy Koreyada 120 mingga yaqin maktab o‘qituvchilari butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli mitinglar o‘tkazdi, ulardan 50 mingga yaqini birgina Seulda to‘planib, norozilik namoyishiga chiqdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu aksiya 2 sentyabr kungi 200 mingga yaqin o‘qituvchilar yig‘ilgan Milliy assambleya binosi yaqinidagi mitingning davomi bo‘lgan. Har ikki aksiya ishtirokchilari hokimiyatdan ularning huquqlarini himoya qilishni talab qilgan.
Ushbu keng ko‘lamli norozilik namoyishlariga o‘quvchilarning ota-onalari tomonidan ruhiy bosimga dosh bera olmagan o‘qituvchilarning o‘z joniga qasd qilish holatlari sabab bo‘lgan.
So‘nggi olti yil ichida Janubiy Koreyada 100 dan ortiq davlat maktablari o‘qituvchilari o‘z joniga qasd qilgan, ularning yarmidan sal ko‘pi quyi sinflarda ishlagan. So‘nggi holatlar orasida iyul oyida juda yosh boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi va avgust oyining oxirida yana ikki nafar o‘qituvchi o‘zini o‘ldirgan.
Mitingda ishtirok etayotgan o‘qituvchilar bugun ishga kelmagani bois, butun mamlakat bo‘ylab ko‘plab maktablarda darslar bekor qilindi.
Janubiy Koreya Ta’lim vazirligi o‘qituvchilarning jamoaviy ishdan chiqishi qonunga zid ekani va o‘qituvchilar va direktorlarning ishdan bo‘shatilishi yoki hatto jinoiy javobgarlikka tortilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan. Biroq ayni paytda o‘qituvchilarning ahvolini yaxshilash choralarini ko‘rishga va’da berilmoqda.
Xususan, rasmiylar o‘qituvchilarni ota-onalarning nohaq ayblovlaridan va shaxsiy telefonlarga qo‘ng‘iroq qilishdan himoya qilishga va’da berishgan.
“Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi asossiz da’volar soni ortib bormoqda va o‘quvchilar huquqlariga urg‘u berilmoqda, o‘qituvchilarning huquqlari hurmat qilinmayapti. Biz o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlaymiz, shunda ular hech qanday sababsiz bolalarni zo‘ravonlikda ayblashdan tashvishlanmasdan, bolalarga ta’lim berishlari mumkin”, deyiladi vazirlik bayonotida.
LiveBarchasi