Kurs UZS

USD

12 913.19

4

EUR

13 908.80

-26.67

RUB

154.17

0.87

Janubiy Koreya va Yaponiya o‘rmon yong‘inlari changalida qoldi (video)

Olam

image

Janubiy Koreya mamlakat janubi-sharqida yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlarini jilovlashga harakat qilmoqda. 22-23 mart kunlari 20 dan ortiq yirik yong‘in kuzatilib, to‘rt kishining hayotiga zomin bo‘ldi va minglab odamlar evakuatsiya qilindi. Yaponiyaning g‘arbiy qismidagi bir necha hududda sodir bo‘lgan yong‘inlar kamida ikki kishini jarohatlagan. Yong‘inlarning kengayib borayotgani sababli yuzlab o‘t o‘chiruvchilar ularni o‘chirishga harakat qilmoqda. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Janubiy Koreyada 23 mart kuni kechga borib, 9 mingga yaqin o‘t o‘chiruvchi, politsiya va davlat xizmatchilari hamda 120 ta vertolyot yong‘inlarga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan. 24 mart tongida quruq va shamolli ob-havo sharoitiga qaramay yong‘inlarning aksariyati o‘chirilgan, ammo hali ham to‘rtta o‘choqda yong‘in davom etmoqda.

Birinchi yong‘in 21 mart kuni Sanchxon – Janubiy Kyonsan provinsiyasida (Seuldan 300 km janubda) maysazor o‘rilayotgan paytda uchqun chiqishi oqibatida kelib chiqqan. “Yonhap” xabariga ko‘ra, yong‘in o‘chirish uchun safarbar qilingan to‘rt davlat xizmatchisi halok bo‘lgan. 24 mart tongida yong‘in 1 464 gektar maydonni qamrab olgan.

22 mart kuni esa Shimoliy Kyonsan provinsiyasining Kyonsan tumanida, Ulsan shahrining Ulju hududida va Janubiy Kyonsan provinsiyasining Kimxe shahrida qo‘shimcha yong‘inlar boshlangan. Iysondagi yong‘in qabr oldida ibodat chog‘ida kelib chiqqan bo‘lib, 6 861 gektar maydonni vayron qilgan.

2 740 dan ortiq kishi evakuatsiya qilingan, ularning aksariyati hozircha boshpanalarga joylashgan. Yong‘in oqibatida 162 ta bino, jumladan Iysongdagi bir ibodatxona zarar ko‘rgan.

22 mart kuni o‘sha paytda bosh vazir vazifasini bajarib turgan Chxve San Mok o‘rmon xizmati xodimlariga aholini evakuatsiya qilish va yong‘in o‘chirish ishlarini xavfsiz bajarish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rishni buyurgan. Hukumat Ulsan shahri, Shimoliy va Janubiy Kyonsan provinsiyalarida favqulodda holat e’lon qilgan.

Janubiy Koreyada o‘rmon yong‘inlari odatda fevral, mart va aprel oylarida, eng quruq davrda tez-tez sodir bo‘ladi.

23 mart kuni Yaponiyaning Okayama, Imabari va Aso shaharlarida yong‘inlar boshlangan bo‘lib, tez orada yuzlab gektar hududni qamrab olgan. Okayama shahridagi Kaigara tog‘ida boshlangan yong‘in 250 gektar o‘rmonni yo‘q qilgan va oltita uyga zarar yetkazgan. Ehime prefekturasidagi Imabari shahrida yong‘in oqibatida bir o‘t o‘chiruvchi yengil jarohat olgan. Kumamoto prefekturasidagi Aso tog‘li qishlog‘ida 23 mart kuni kichik yong‘in kuzatilgan, biroq u 24 mart kuni ertalab o‘chirilgan. Ushbu yong‘inda bir kishi yengil jarohat olgan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, yong‘in axlat yoqish jarayonida boshlangan.

24 mart kuni kunduzi ham yong‘inlarni o‘chirish ishlari davom etgan, o‘t o‘chiruvchilar va mudofaa kuchlariga tegishli vertolyotlar olovga qarshi suv purkagan. Biroq Okayama va Imabaridagi yong‘inlar hali to‘liq o‘chirilmagan.

Mutaxassislarning fikricha, quruq ob-havo va o‘rmonlarda to‘planib qolgan qurigan barglar yong‘inlarning kelib chiqishiga asosiy sabab bo‘lgan.

Mazkur yong‘inlar Yaponiyaning shimolidagi Ofunato shahrida sodir bo‘lgan yirik o‘rmon yong‘inlaridan bir necha hafta o‘tib yuz bergan. Ofunatodagi yong‘in bir kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 200 dan ortiq uy va binolarga zarar yetkazgan hamda 2 900 gektar hududni yondirgan – bu shahar umumiy maydonining deyarli o‘ndan bir qismiga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul Long-Aylendda bir nechta kuchli yong‘in o‘choqlari aniqlangani sababli hududda favqulodda holat rejimi joriy etilganini e’lon qilgan edi. Kuchli shamol ta’sirida tez tarqalgan yong‘inlar sababli NY 27 avtomagistrali yopilgan. Mazkur yo‘l Long-Aylendni Nyu-Yorkning boshqa hududlari bilan bog‘lab turadi. Tutun butun hudud bo‘ylab tarqalgan.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Yaponiya o'rmon yong'inlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing