Janubiy Koreya Ukrainaga qurol yetkazib berishi mumkin

Olam

image

Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Seul Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha “qo‘l qovushtirib o‘tirmasligini” va mamlakat tegishli choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ayni damda Polsha Prezidenti Anjey Duda Janubiy Koreyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi va kecha, 24 oktyabr kuni mamlakat Prezidenti Yun Sok Yol bilan qo‘shma matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unda Shimoliy Koreyaning yadroviy va raketa ishlanmalari, Rossiya bilan “noqonuniy” harbiy hamkorlik va Shimoliy Koreya qo‘shinlarini Rossiyaga joylashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. 

“Agar Shimoliy Koreya Rossiya bilan hamkorligi doirasida urushga maxsus kuchlarni jo‘natadigan bo‘lsa, biz Ukrainani bosqichma-bosqich qo‘llab-quvvatlaymiz va Koreya yarimorolidagi xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘rib chiqamiz hamda amalga oshiramiz", dedi Janubiy Koreya Prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Seul Ukrainaga qurol yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor, chunki Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyada joylashishi ehtimoli global xavfsizlikka, nafaqat Koreya yarimoroli, balki Yevropaga ham tahdid soluvchi provokatsiya.

“Biz o‘ldiruvchi qurollarni bevosita yetkazib berishni taqiqlash prinsipiga sodiq qolgan bo‘lsak-da, Shimoliy Koreyaning harbiy harakatlari darajasiga qarab, pozitsiyamizni yanada moslashuvchanroq ko‘rib chiqishimiz mumkin”, deya ta’kidlagan Prezident.

Nashrga ko‘ra, o‘tgan hafta Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Kim Te Xyo Seul Shimoliy Koreya va Rossiya o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka javoban bosqichma-bosqich choralar ko‘rishini aytgan. Xususan, Janubiy Koreya Ukrainaga hujum va mudofaa qurollarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

U bunday bayonotni Shimoliy Koreya Rossiyaga yordam berish uchun taxminan 12 ming askarni yuborish to‘g‘risidagi razvedka ma’lumotlari tufayli chaqirilgan Milliy xavfsizlik kengashining (MXK) favqulodda yig‘ilishidan so‘ng bergan.

MXK bayonotida bunday qadam Janubiy Koreya va xalqaro hamjamiyat uchun jiddiy tahdid ekani va BMT Xavfsizlik Kengashining Shimoliy Koreya bilan harbiy hamkorlikni taqiqlovchi rezolyutsiyalarini ochiqdan-ochiq buzilishi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya hukumati va harbiylari Ukrainaga shaxsiy tarkibni, jumladan Shimoliy Koreyaga qaratilgan razvedka xodimlari va Shimoliy Koreya taktikasi bo‘yicha mutaxassislarni “jo‘natish rejasini ko‘rib chiqayotgani” xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Ukraina Yun Sok Yol'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing