Janubiy Koreya “super qari” jamiyatga aylandi

Olam

image

Janubiy Koreyada aholining beshdan bir qismini 65 va undan katta yoshdagilar tashkil qilib, mamlakat “super qari” jamiyatga aylandi. Bu haqda CNN xabar berdi. 

Janubiy Koreya Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi tomonidan bugun, 24 dekabr kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 65 va undan katta yoshdagilar soni 10,24 millionga yetib, 51 millionlik aholining 20 foizini tashkil qilmoqda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti aholining 7 foizidan ko‘prog‘i 65 yoshdan oshgan mamlakatlarni “qariyotgan jamiyat”, 14 foizdan oshganlarini “qari jamiyat” va 20 foizdan oshganlarini esa “super qari” jamiyat deb tasniflaydi.

Janubiy Koreya bir necha yillik pasayishdan so‘ng 2023 yilda atigi 0,72 ni tashkil etgan tug‘ilish koeffitsiyenti bilan dunyodagi eng past ko‘rsatkichni qayd etgan. Immigratsiya bo‘lmagan taqdirda aholining barqarorligini saqlab qolish uchun mamlakatlarga 2,1 darajadagi tug‘ilish koeffitsiyenti kerak.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Janubiy Koreyada ayollarning taxminan 22 foizi va erkaklarning deyarli 18 foizi 65 yosh va undan katta yoshda. Bu ma’lumotlar Janubiy Koreya va boshqa Sharqiy Osiyo davlatlarining demografik muammolarini ko‘rsatib beradi. Ushbu muammolar ularda sanoatlashuvning tezkor rivojlanishidan atigi bir necha o‘n yil o‘tib yuzaga kelgan.

Yevropaning ko‘plab davlatlari ham qarib borayotgan aholi muammosiga duch kelmoqda, ammo immigratsiya bu ta’sirni yumshatishga yordam beradi. Biroq Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy kabi davlatlar mehnatga layoqatli aholi qisqarishini bartaraf etish uchun keng ko‘lamli immigratsiyadan foydalanishga qodir emas yoki buni istamaydi.

Shunga qaramay, Janubiy Koreya hukumati mamlakatning demografik tendensiyasini o‘zgartirishga urinib kelmoqda. Joriy yilning may oyida prezident Yun Sok Yol parlamentdan yordam so‘rab, bu “milliy favqulodda vaziyat”ni hal qilish uchun yangi vazirlik tashkil etishni taklif qilgan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Osiyoda demografik o‘zgarishning sabablari orasida ish madaniyatining talabchanligi, ish haqlarining turg‘unligi, yashash xarajatlarining oshishi, nikoh va gender tengligi borasidagi qarashlarning o‘zgarishi, yosh avlodlar orasida umidsizlikning ortishi kabilar bor.

“Biroq iqtisodiy omillarga qaramay, muammoni faqat mablag‘ bilan hal qilish samarasiz bo‘lib chiqdi. 2022 yilda Janubiy Koreya hukumati o‘tgan 16 yil davomida aholining ko‘payishini rag‘batlantirish uchun 200 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflanganini tan oldi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, “yangi” ota-onalar uchun pul mablag‘lari, pulli otalik ta’tilini uzaytirish, erkaklarni bolalar parvarishi va uy ishlariga ko‘proq jalb qilishga chaqiruvchi ijtimoiy kampaniyalar kabi tashabbuslar ushbu tendensiyani teskari aylantirishda muvaffaqiyatga erisha olmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya poytaxti Seul shahri hokimiyati yolg‘izlik bilan kurash uchun 451,3 milliard von (deyarli 327 million dollar) ajratilishini e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya “super qari” jamiyat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing