Janubiy Koreya Prezidenti terma jamoani tekshirmoqchi
Sport
−
11:58 4660 2 daqiqa
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Madaniyat, sport va turizm vazirligiga milliy terma jamoaning Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki sabablarini o‘rganish bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni topshirdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Janubiy Koreya terma jamoasi Jahon chempionati “A” guruhida 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab, pley-off bosqichiga yo‘llana ololmadi.
“Professional futbol klubining sobiq faxriy direktori va milliy terma jamoaning sodiq muxlisi sifatida bu kutilmagan natija meni nafaqat hayratga soldi, balki chuqur tushkunlikka ham tushirdi. Bu holat yana bir bor kadrlar siyosati hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini isbotladi. Agar malakali mutaxassislar o‘rniga shaxsiy yaqinlik asosida tayinlovlar amalga oshirilsa, natija ham shunga yarasha bo‘ladi. Davlat va shaxsiy manfaatlarni ajrata olmaydigan, shaxsiy manfaatni davlat manfaatidan ustun qo‘yadigan rahbarlar tizimda muammolarni keltirib chiqaradi. Bunday tayinlovlarni nazorat qilish va ularning javobgarligini ta’minlash qiyinlashadi. Milliy terma jamoaning pley-offga chiqa olmagani ham, ehtimol, aynan boshqaruv va kadrlar siyosatidagi xatolar oqibatidir”, deydi Prezident.
Li Chje Myonning bildirishicha, hukumatning asosiy vazifalaridan biri jamoat tashkilotlarida rahbariyatni shakllantirishning demokratik tizimini yaratishdan iborat.
“Qishloq xo‘jaligi kooperativlari rahbarlari a’zolar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri saylanayotgani kabi, Koreya sport qo‘mitasi va Koreya futbol assotsiatsiyasida ham oz sonli delegatlar orqali bilvosita saylov tizimidan butun sport jamoatchiligi ishtirok etadigan to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov tizimiga o‘tish bo‘yicha topshiriq berdim. Bilishimcha, bu jarayon allaqachon boshlangan.
Shu bilan birga, boshqaruvda shaffoflik, adolat va xolislikni ta’minlaydigan hamda qabul qilingan qarorlar uchun mas’uliyatni belgilaydigan samarali nazorat tizimini yaratish ham muhim vazifadir”, deydi davlat rahbari.
Prezident so‘zi yakunida Jahon chempionatida ishtirok etish davlat byudjeti va soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishini eslatib, vazirlikka mazkur omadsizlik sabablarini har tomonlama tahlil qilish, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va sport boshqaruvini isloh qilish bo‘yicha reja taqdim etishni buyurganini ma’lum qildi.
“Bu qabul qilib bo‘lmaydigan vaziyat tufayli mamlakat fuqarolaridan chin dildan uzr so‘rayman. Bunday holat boshqa hech qachon takrorlanmasligi uchun sport boshqaruvi tizimini tezkor ravishda isloh qilish ishlarini boshlaymiz”, deydi Li Chje Myon.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya milliy terma jamoasining bosh murabbiyi Xon Myon Bo 2026 yilgi Jahon chempionatidagi omadsiz ishtiroki va jamoaning pley-off bosqichiga chiqa olmagani sababli o‘z lavozimini tark etgan edi.
Live
Barchasi