Janubiy Koreya Prezidenti Shimoliy Koreyadan uzr so‘radi
Olam
−
06 aprel 12370 2 daqiqa
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Shimoliy Koreya tomonga dronlar uchirilishi bilan bog‘liq hodisa tufayli KXDRdan uzr so‘radi. Bu haqda u bugun, 6 aprel kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida so‘z ochdi.
Koreya Respublikasi rahbari dronlar uchirilishiga mutasaddi shaxslarning “mas’uliyatsiz va mulohazasiz xatti-harakatlari” sabab bo‘lganini aytgan.
“Garchi bu hukumatimizning niyati bo‘lmasa-da, ba’zi mas’uliyatsiz va mulohazasiz harakatlar keltirib chiqargan keraksiz harbiy keskinlik uchun Shimoliy Koreyaga afsusda ekanimni bildiraman”, deydi Li Chje Myon.
U Koreya Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari “Shimoliy Koreyani xususiy tartibda provokatsiya qilishni” taqiqlashini qo‘shimcha qilgan.
“Global mojarolar sharoitida umumiy qoidalar va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan xalqaro tartib jiddiy ravishda zaiflashdi. Bunday vaqtda Koreya yarimorolidagi tinchlik va barqarorlik birinchi darajali ahamiyatga ega va biz mas’uliyat o‘z zimmamizda ekanini aniq anglashimiz kerak.
Xalqaro tartibdagi keskin o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borgan holda, Koreya yarimorolida tinchlikni ta’minlash uchun yanada mas’uliyatli harakatlar qilish vaqti keldi”, deydi Janubiy Koreya rahbari.
Qayd etilishicha, bu Janubiy Koreya Prezidentining dron bilan bog‘liq hodisa uchun Shimoliy Koreyaga bevosita afsus bildirgan birinchi holatidir.
Aniqlik kiritilishicha, voqeaning o‘zi 31 mart kuni sodir bo‘lgan. Birlashgan harbiy-politsiya tezkor guruhi yuz bergan hodisani “alohida shaxsning og‘ishi” (qonunbuzarligi) deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR yetakchisi Kim Chen In 15-chaqiriq Oliy xalq majlisining birinchi sessiyasidagi dasturiy nutqida Janubiy Koreyani rasman “eng ashaddiy dushman davlat” deb e’lon qilgan edi.